Tug‘ma tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev. O‘zbekistonning eng ta’sirchan biznesmeni qanday boyidi?

2026-yil 18-avgustda Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotda sahna oldida turgan odam – Toshkentning sobiq hokimi, AKFA Group asoschisi Jahongir Ortiqxo‘jayev edi. U o‘tmishdagi qiyin davr haqida ochiq gapirib, “maska-shou” davrida tadbirkorlarning qanday azob chekkanini aytdi. Prezident Mirziyoyev esa Ortiqxo‘jayevga o‘sha “qorong‘i davr” va halol biznesning o‘tgan yo‘lini qamrab olgan kitob yozish bo‘yicha maxsus topshiriq berdi.
Ushbu maqolada biznesmen, investor, hokim, futbol, tibbiyot homiysi, Yoga federatsiyasi prezidenti endi esa yozuvchi Ortiqxo‘jayev bu yergacha qanday kelgani haqida hikoya qilamiz.

1. Bolalik, ta’lim va moliyaviy mustaqillik bosqichlari
Jahongir Abidovich Ortiqxo‘jayev 1975-yil 2-yanvarda Toshkentda, Huvaydo mahallasida tug‘ilgan. Otasi gaz sohasi bo‘yicha injener, onasi uy bekasi bo‘lgan yosh Jahongir Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tahsil olib, 1996-yilda bitirgan. O‘sha yillar – Sovet Ittifoqi qulagan va yangi O‘zbekiston shakllanayotgan davr edi. Bozor iqtisodiyoti endigina ildiz otayotgan, imkoniyatlar cheksiz lekin xavf-xatarlar ham ulkan edi.
“Bizni mahallada ministrlar oilasi deyishardi. Amakim Ortiqxo‘jayev Murodxo‘ja shaharda ko‘p yil savdo boshlig‘i, keyinchalik Maishiy xizmat ko‘rsatish vazirining o‘rinbosari bo‘lgan. Mening asosiy ustozlarimdan biri u edi”, deb eslaydi Ortiqxo‘jayev.
1990-yillarning boshida, 17 yoshida Ortiqxo‘jayev birinchi kompaniyasi “Jahongir” MChJni ochdi. U sartaroshxona va poyabzal do‘konidan iborat edi. Bu kichik boshlang‘ich aslida ulkan imperiyaning poydevori bo‘ldi.
1994-yilda esa u birinchi avtoservis markazini ochdi va alyuminiy profillar sotishni boshladi. Keyinchalik aynan shu yo‘nalish uning biznes rivojlanishining tayanch nuqtasiga aylandi. 2001-yilda Ortiqxo‘jayev turk “Akpa” kompaniyasi bilan hamkorlikda AKFA kompaniyasini tashkil etdi. Dastlab import qilingan profillarni qayta sotish bilan shug‘ullandi. 2010-yilga kelib AKFA guruhi Toshkentda deraza va eshiklar uchun profillar ishlab chiqarishni boshladi.
Bugun AKFA Group O‘zbekistonning eng yirik sanoat konglomeratlaridan biri bo‘lib, 2024-yilda 4,972 trillion so‘mlik daromad ko‘rsatdi, shu jumladan 85 foizi O‘zbekiston ichki bozoridan. AKFA Aluminium o‘zi 2023-yilda 4,3 trillion so‘m – taxminan $347 million savdo hajmiga erishib, O‘zbekistonning eng yirik alyuminiy ishlab chiqaruvchisiga aylandi.
2. Biznes imperiya: 100 dan ortiq kompaniya va Markaziy Osiyoning eng yirik elektronika giganti
2011-yilda Ortiqxo‘jayev AKFA muvaffaqiyatidan olingan kapital bilan Artel guruhini tashkil etdi. Kompaniya Toshkentdagi kichik zavoddan boshlangan va o‘sha yili Samsung bilan hamkorlik o‘rnatib, Nukusda changyutgich ishlab chiqarishni boshladi. 2011-yilda Toshkentda birinchi gaz plitalar zavodi ochildi. 2012-yilda esa kompaniya birinchi smartfonini chiqardi.
Bugun Artel – Markaziy Osiyoning eng yirik maishiy texnika va elektronika ishlab chiqaruvchisi. Artel mahsulotlari televizorlar, muzlatkichlar, kir yuvish mashinalari, smartfonlar va planshetlar, gaz plitalar va konditsionerlar, Samsung uchun shartnoma asosida ishlab chiqarishdan iborat.

Bugun Ortiqxo‘jayev quyidagi kompaniyalarning asoschisi sifatida ro‘yxatda turadi: O‘zgazloyiha, J-United Group, Ekzotella, AKFA Logistics, Tourism and Entertainment Group, AKFA Engineering and Management, Greensun Element Group, AKFA Dream World, Artel Electronics, Build Infinity, AKFA Accessories, Primary Enterprise, High Level Investment, Infinity Confidence, AKFA Aluminium, Dreams Island, Adw-International Congress Hall, Osten Technologiesi va boshqalar.
AKFA guruhining yirik loyihalari qatorida O‘zbekistonning eng baland binosi Nest One’ni shishalash, Hilton Tashkent City mehmonxonasi va Toshkent City kongress zali kiradi.
3. Muvaffaqiyatsiz siyosat
2015-yilda Ortiqxo‘jayevga birinchi ma’muriyat davrida “Do‘stlik” ordeni topshirilgan. Hokimiyatga Shavkat Mirziyoyev kelishi bilan Ortiqxo‘jayevning oshig‘i yanada olchi bo‘ldi. 2018-yil 26-aprelda u 2012-yildan beri ishlab kelayotgan Rahmonbek Usmonov o‘rniga Toshkent shahrining vaqtincha hokimi etib tayinlandi. U shu bilan bir vaqtda Toshkent City biznes hududi qurilishini ham boshqargan edi.
2018-yil 21-dekabr – Ortiqxo‘jayev Toshkent hokimi lavozimiga rasman tasdiqlandi. Prezident Mirziyoyev uni nomzod qilib ko‘rsatib, uning tadbirkor sifatidagi muvaffaqiyatlari bu lavozim uchun eng mos kandidat ekanligini ta’kidladi. Prezident investorlarga qarata: “Men ertangi kunni faqat tadbirkorlarga ishonaman. Shuning uchun qaror qildim: tadbirkor Toshkentning hokimi bo‘ladi”, dedi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Jahongir Ortiqxo‘jayevni tanishtirar ekan, unga quyidagicha ta’rif bergandi.

“Prezident janobi oliylariga yaqinda bir qarorimni aytdim. O‘zbekiston tarixida ilk bor o‘zim ishongan ishbilarmonni Toshkent shahar hokimi etib tayinladim. Tarixda bunaqasi bo‘lmagan. Bu yigit ham hozirgi islohotlarni tushunadigan, byurokratiyadan yiroq, O‘zbekistonga toza havo kirishiga, investorlarni qo‘llab-quvvatlashga, Toshkent shahrining ertangi kunini tasavvur qiladigan hozirgi zamonaviy... U hech qaysi byurokratiya tizimida ishlamagan. Bizning ko‘p rahbarlarga o‘xshab RayKom, partiya va boshqa joylarda ishlamagan. Bu tadbirkor. Bizning hududlarimiz orasida Toshkent shahrimiz eng katta hudud. Shunga qaramasdan, men ertangi kunimni faqat tadbirkorlarga ishonaman. Shuning uchun qaror qabul qildim – tadbirkor Toshkent shahar hokimi. Endi uning ikki karra mas’uliyati ko‘p. Sizlarga Toshkent shahrida biror to‘siq qo‘ysa, uning vijdoniga havola”, degan edi.
Ortiqxo‘jayev hokimlik davrida bir qancha yirik o‘zgarishlar amalga oshirildi: Toshkent City biznes hududi, Nest One baland binosi, Hilton Tashkent City mehmonxonasi, Toshkent City kongress zali – bularning barchasi uning hokimlik davriga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, Magic City o‘yin-kulgi parki, AKFA Medline tibbiyot markazi, Markaziy Osiyo universiteti (CAU) va CAEx O‘zbekiston ko‘rgazma majmuasi ham shu davrda qurildi. Biroq uning hokimlik davri munozarasiz bo‘lmadi.
2023-yil 16-yanvar – Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev kutilmaganda iste’foga yuborildi. Sabab – poytaxtni g‘ayrioddiy qattiq qish uchun tayyorlay olmaganlik. Prezident Mirziyoyev Ortiqxo‘jayevni ishdan olishda bosh rejaning hali tasdiqlanmaganligini ham asosiy sabab qilib ko‘rsatdi. U ruxsatsiz binolar soni 250 dan oshganini va qurilish ruxsatnomalarida mavjud infratuzilmaga ta’sir bo‘yicha hisob-kitoblar yo‘qligini tanqid qildi.
Prezident Mirziyoyev Davlat Xavfsizlik Xizmati va Bosh prokuraturaga iste’foga yuborilgan mansabdorlarning faoliyatini tekshirib, qonun buzilishlari aniqlansa, qat’iy javobgarlikka tortishni topshirdi. 2023-yil 31-yanvarda O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi Ortiqxo‘jayevni Oliy Majlis Senati a’zolari ro‘yxatidan chiqardi.

4. Buyuk qaytish
Siyosatdan ketgach, Ortiqxo‘jayev biznesga yanada kuchli qaytdi. 2025-yil noyabrda AKFA Group turk kompaniyasi bilan hamkorlikda AQShning Kentucky shtatida yirik ishlab chiqarish majmuasi qurishni boshladi. Zavod alyuminiy mahsulotlar, avtomobil qismlari hamda quyosh panellari va deraza tizimlari uchun komponentlar ishlab chiqaradi. Birinchi yilda $105 million investitsiya jalb qilinadi, jami esa $600 millionga yetishi rejalashtirilgan.
2024-yil dekabrda u Toshkentda jami 1 200 xonali – “yagona ekotizim” doirasida oltita yangi mehmonxona ochishni rejalashtirganini e’lon qildi. Shuningdek, AQShning Klivlend tibbiyot markazi bilan hamkorlikda katta klinika qurishni ham ma’lum qildi. 2024-yil mayda AKFA Group $200 milliondan ortiq investitsiya bilan O‘zbekistonda 28 gektarlik “The Grand Serai” tematik parkini ham qurish rejasini e’lon qildi. 2025-yil iyulda esa Bakuda $80 millionlik O‘zbekiston parki loyihasini boshqarish topshirildi.
2025-yil 18-avgustda Prezident Mirziyoyev tadbirkorlarga yuqori mukofotlar topshirdi. Ortiqxo‘jayev – AKFA Group asoschisiga “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni topshirildi.

5. Biznes manfaatlar yo‘lida futbol
Ortiqxo‘jayev futbol olamiga ham kirib keldi – u O‘zbekistonning eng mashhur va eng ko‘p chempionliklar qo‘lga kiritgan futbol klubi Paxtakor FC ning prezidenti va egasi sifatida o‘zbek OAVlarida tilga olina boshladi.
Bugun Vikipediya sahifasida ham Paxtakor FC prezidenti sifatida Jahongir Ortiqxo‘jayev nomi yozilgan. Paxtakor – 1956-yilda tashkil etilgan, 35 000 o‘rinli stadioniga ega, 16 marta O‘zbekiston chempioni bo‘lgan.
Ortiqxo‘jayevning futbolga kirishi ham tasodifiy emas. Uning kompaniyasi Artel O‘zbekiston Superligasining rasmiy nomli homiysi hisoblanadi.
2026-yilda Artelning homiylik shartnomasi asosida liga “Artel Uzbekistan Super League” nomini oldi
Biroq eng so‘nggi to‘satdan va kutilmaganda, 2026-yil 24-avgustda Ortiqxo‘jayev Paxtakor bilan aloqasini uzish qarorini qabul qilgani xabar qilindi.
Bu yangilik klublarga AFC Champions League Elite’dagi birinchi o‘yiniga atigi uch hafta qolganda keldi. Rasmiy sabab va keyingi o‘zgarishlar haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Bundan tashqari, 2025-yil dekabrda Artel yana bir tarixiy – Manchester City bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi. Artel Manchester City ning O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bo‘yicha rasmiy mintaqaviy hamkori hamda eksklyuziv televizion hamkoriga aylandi. Bu Manchester City ning Markaziy Osiyodagi birinchi tijorat hamkorligi va Premier League klubining o‘zbek brendi bilan birinchi shartnomasi bo‘ldi.
Shartnoma O‘zbekiston milliy terimi tarixda birinchi marta FIFA Jahon chempionatiga yo‘llanma olgani va Abduqodir Husanov Premier Leagueda birinchi o‘zbek futbolchisiga aylanganidan so‘ng imzolandi.
Nima bo‘lganda ham Jahongir Ortiqxo‘jayev tarixi O‘zbekiston tadbirkorligining timsoli bo‘lib qoladi. 17 yoshida sartaroshxona va poyabzal do‘konidan boshlagan yigit, bugun AQSh, Ozarbayjon va butun Markaziy Osiyoda loyihalar amalga oshirayotgan ishbilarmon. Siyosat esa uning uchun vaqtinchalik sahna bo‘ldi – u yerga biznesmenlik tajribasi bilan kirdi, u yerdan yanada kuchliroq qaytdi.
Ochiq manbalar asosida Abdurahmon Ergashev tayyorladi







