Polietilen paketdan $19 milliardlik imperiyagacha. O‘zbekistonning eng boy odami qanday boyidi?

Chustdan chiqib, dunyoni zabt etgan kishi
2026-yil 17-martda Toshkentning qadimiy Hazrati Imom mahallasida ulkan bir majmuaning eshiklari ochildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsan marosimda ishtirok etib, bu loyihaning bosh homiysi – 72 yoshli Alisher Usmonovga minnatdorchilik bildirdi. Majmua atigi bir haftada dunyodagi eng katta Islom sivilizatsiyasi markazi sifatida Ginnеss rekordlar kitobiga kirdi.
O‘sha majmuaning ortida $150 million, 9 yillik mehnat va bir odamning ulkan orzusi yotardi.
Bu majmuaning asosiy homiysi – Forbes ro‘yxatida, Ginnеss rekordlar kitobida va tarix sahifalarida nomi yozilgan nahang o‘zbek tadbirkori Alisher Burhonovich Usmonov. 1953-yil 9-sentabrda O‘zbekistonning Chust shahrida tug‘ilgan, Toshkentda o‘sgan, otasi prokuror bo‘lgan Usmonov bugun $19,3 milliardlik boylik bilan 2026-yilgi Forbes ro‘yxatida 199-o‘rinni egallaydi.
Bolalik, ta’lim, qamoq, biznes va ilk millionlar
Alisher Usmonov 1953-yil 9-sentyabrda O‘zbekistonning Namangan viloyati Chust shahrida tug‘ildi. Otasi Burhon Usmonov davlat prokurori, onasi Dilbar Usmonova rus tili o‘qituvchisi bo‘lgan. Yosh Alisher diplomatik karyera orzu qildi. U Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutiga (MGIMO) o‘qishga kirdi va 1976-yilda xalqaro huquq bo‘yicha diplom oldi. MGIMO – sovet davrida eng nufuzli oliy o‘quv yurti, asosan partiya elitasining farzandlari, shu jumladan (Ilhom Aliyev, Qosim-Jomart To‘qayev, Sergey Lavrov) o‘qigan joy. Diplomni olib, u Toshkentga qaytdi va turli davlat tashkilotlarida ishladi. Lekin hayot uni kutilmagan tomonga burdi.
1980-yilda Usmonov Toshkentda firibgarlik, korrupsiya va davlat mulkini o‘g‘irlashda ayblanib hibsga olindi. 26 yoshida u 8 yillik jazo muddatiga hukm qilindi. 1986-yilga qadar, ya’ni 6 yil davomida O‘zbekistonning uzoq qamoqxonasida o‘tirdi. Qamoqda o‘tkazgan yillar haqida u keyinchalik shunday dedi:
“Men u yerda erkak bo‘lishni o‘rgandim, chunki u yerda so‘z va harakatlar uchun to‘lanadigan narx juda qimmat”.
Oradan 20 yil o‘tib, 2000-yilda o‘tib O‘zbekiston Oliy sudi ishni qayta ko‘rib chiqib, “dastlabki hukm noto‘g‘ri, hech qanday jinoyat sodir etilmagan va dalillar soxtalashtirilgan” degan xulosaga keldi hamda uni oqladi.

Qamoqdan chiqqan Usmonov singan oyog‘i bilan mehmonxonada yotganida hayotini o‘zgartiruvchi voqea yuz berdi. Xonasida yotganida u bir kimyoviy muhandis bilan qo‘shni bo‘ldi. O‘sha muhandis qoldirgan kitobni o‘qib, Usmonov bir tonna polimerdan 30 000-36 000 polietilen paket tayyorlash mumkinligini bilib oldi. O‘sha bir tonna polimer 437 so‘mga tushardi, bir paket esa taxminan bir so‘mga sotilardi.
U sovet davrida odamlar yuvib-qayta ishlatiladigan darajada kamyob bo‘lgan polietilen paket ishlab chiqarishdan birinchi boyligini to‘pladi. Iqtisodiyot arifmetikasi oddiy va jozibali edi. Yosh Usmonov pul qarz olib, kechasi Moskva yaqinidagi bir zavodda ishlab, polietilen paketlarni raqiblaridan arzonroq – 60 tiyin narxida sotdi.
Bu “Agroplast” kooperativi uni dollar millionerga aylantirdi. Sovet Ittifoqi qulaganidan so‘ng O‘zbekistonlik tadbirkor Moskvaga qaytdi va o‘z imkoniyatini topdi. 1990-1994-yillarda Intercross AJ bosh direktori o‘rinbosari, 1994-1998-yillarda Interfin investitsiya kompaniyasi rahbari bo‘lib ishladi. 2000-yildan 2014-yilgacha u Gazprom Investxolding – davlat konglomeratining nodavlat aktivlarini boshqaruvchi sho‘ba korxonasiga rahbarlik qildi.
Asosiy hamla esa metallurgiya sohasida bo‘ldi. “Bloomberg” hisob-kitoblariga ko‘ra, Usmonov 2012 va 2014-yillardagi ulush bitimlaridan $7 milliarddan ortiq daromad olgan. Usmonov Metalloinvestning 49% ulushiga ega bo‘lib, bu kompaniya Rossiyaning eng yirik temir rudasi ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.
Bugun Metalloinvest – USM Holdings tarkibidagi tayanch korxona. USM Holdings tarkibiga Metalloinvest (metallurgiya), MegaFon (telekommunikatsiya), Udokan Copper (konchilik) va CRPT (raqamli texnologiyalar) kiradi.
Usmonov metallurgiya bilan kifoyalanmadi. U texnologiya investitsiyalarida ham ajralib turdi. Eng e’tiborli bitimlardan biri – Facebook’ga erta sarmoya kiritishi. 2009-yilda u Facebook’ga $200 million kiritdi va keyinchalik taxminan $1 milliard foyda bilan chiqdi. Shuningdek, u Apple, Airbnb, Groupon va Alibabaga sarmoya kiritib, o‘z avlodining eng global aloqali rus investorlaridan biriga aylandi.
Xiaomi bilan hamkorlik ham strategik ahamiyat kasb etdi. U Xiaomida sezilarli ulushga ega bo‘lib, xalqaro texnologiya kompaniyalariga sarmoyasini kengaytirdi.
Futbol, munozara, sanksiyalar va o‘xshamagan shaxsiy hayot
2007-yilda Usmonov jahon futbol sahnasiga kirdi. U Arsenal FK aksiyalarini sotib ola boshladi va bir vaqtlar 30% ga yaqin ulushga ega bo‘ldi. Bu ingliz muxlislar orasida katta munozaralarga sabab bo‘ldi. Lekin 2018-yilda u o‘z ulushini sotdi. Sabab – klub bosh aksiyador Stan Kroenke tomonidan to‘liq nazorat ostiga olingan edi. Usmonov Rossiyaning ikkinchi yirik mobil operatori MegaFon’da ham yirik ulushga ega. MegaFon mamlakat bo‘ylab yuz millionlab abonentga xizmat ko‘rsatadi va Usmonov portfelining muhim qismini tashkil etadi.

2022-yil 24-fevral – Rossiya Ukrainaga to‘liq harbiy hujum boshlagan kuni – Usmonov hayotining eng qiyin davrini boshlab berdi. 2022-yil 28-fevralda Yevropa Ittifoqi Metalloinvest asoschisi Alisher Usmonovga qarshi cheklash choralarini joriy etdi. 2022-yil 3-martda Britaniya hukumati Usmonovga to‘liq aktivlarni muzlatish va sayohat taqiqini e’lon qildi. Uning Buyuk Britaniyaning nufuzli tumanlarida joylashgan uylarini, qimmatbaho mulklarini egalladi.
AQSh Xazina departamenti uni “Putin bilan bog‘liq shaxs” deb belgilab, keng ko‘lamli sanksiyalar joriy etdi. Keyinchalik USM Holdings va Metalloinvest ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri sanksiya ro‘yxatiga kiritildi. U 2022-yilda Toshkentga ko‘chib o‘tdi. Prezident Mirziyoyev bilan oilaviy yaqinligi ham e’tirof etiladi.
Sanksiyalar uning boyligini tushirdi, lekin yo‘q qila olmadi. 2025-yil boshidan may oyigacha Usmonovning boyligi “Bloomberg” Billionaires Index’ga ko‘ra $3,9 milliardga oshdi – jami $17,1 milliardga yetdi. 2025-yil davomida boylik yana $6,04 milliardga oshdi. 2026-yil yanvar holatiga ko‘ra uning boyligi $19,3 milliardni tashkil etadi.
Usmonov 1992-yildan 2022-yilgacha mashhur gimnastika murabbiyi, sobiq jahon chempioni, yahudiy Irina Viner bilan turmush qurgan. Ular 2022-yilda ajrashdi. Juftlikning farzandlari yo‘q.

Saxovatpesha Usmonovning eng buyuk sovg‘asi
$150 millionlik megaproekt bo‘lgan Islom Sivilizatsiya Markazi to‘liq Alisher Usmonov tomonidan moliyalashtirilgan. Loyiha 2017-yilda Prezident Mirziyoyev tomonidan e’lon qilindi. Markazning asosiy homiysi Alisher Usmonov bo‘lib, u qurilishni moliyalashtirdi va noyob tarixiy eksponatlar hamda kitoblar sovg‘a qildi. Usmonov 13-asrdan boshlab nashr etilgan 4 923 ta noyob kitobni – lotin, ingliz, fransuz va nemis tillarida Islom sivilizatsiyasi markaziga sovg‘a qildi. Ularning qiymati $8 millionga baholangan. Kitoblar orasida Ibn Sinoning “Tib qonunlari” ning birinchi lotin tarjimasi ham mavjud. 2026-yil 17-martda markazning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 2026-yil 13-aprelda esa Ginnеss rekordlar kitobining rasmiy vakili Sheida Subashi majmua binosi va ilmiy kengashiga guvohnoma topshirdi.
“Hurmatli vatandoshimiz Alisher Usmonovga zarur mablag‘lar, g‘oyalar va noyob tarixiy eksponatlar bilan ta’minlagani uchun chin dildan minnatdorchilik bildiraman”, dedi Prezident Mirziyoyev ochilish marosimida.
Ommaviy axborot vositalarining ma’lumotlariga ko‘ra, Usmonov xayriya maqsadlarida jami $7,3 milliard ajratgan. So‘nggi 15 yil ichida uning kompaniyalari va xayriya jamg‘armalari sport, madaniyat, ilm-fan, ta’lim va tibbiyot sohasiga $2,6 milliarddan ortiq mablag‘ sarfladi. “Bloomberg” bir necha yil uni Rossiyaning eng saxovatli filantropi deb atadi. “The Sunday Times” ham uni Buyuk Britaniyadagi eng saxovatli 100 filantropi qatoriga kiritgan.
Qolaversa, Usmonov pandemiya davrida ham koronavirusga qarshi kurash uchun O‘zbekistonga 20 million dollar ajratgan. Mablag‘lar O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Mehr-shavqat va salomatlik” jamoat fondi hisob raqamiga o‘tkazilgan. Ushbu pullar hisobidan Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan karantin shifoxonasini kerakli tibbiy uskunalar bilan jihozlangan.
2021-yilda “The Sunday Times” uni 20 yillik ro‘yxat tarixida eng ko‘p xayriya qilgan shaxs sifatida tanishtirgan – £4,2 milliarddan ortiq.
Qilichbozlik bilan shug‘ullanganidan keyin Usmonov 2008-yildan 2022-yilgacha Xalqaro qilichbozlik federatsiyasining (FIE) prezidenti lavozimida ishladi. 2024-yilda Toshkentda o‘tkazilgan kongress chog‘ida u yana prezidentlikka saylandi. Biroq sanksiyalar tufayli u lavozim vakolatlarini o‘z ixtiyori bilan to‘xtatdi.
U san’at kolleksioneri sifatida ham tanilgan. Usmonovning to‘plamida Mark Rotko, Villem de Kooning va Fransis Bakon kabi buyuk rassomlarning asarlari bor.








