Rossiyada 2 mingga yaqin migrant soxta nikoh sabab yashash hujjatidan mahrum bo‘ldi

Rossiyada soxta nikoh tufayli yashash hujjatlarini bekor qilish holatlari bir yil ichida 20,8 foizga oshdi. Mamlakatda nikoh orqali yashash ruxsatnomasini olish talablari ham kuchaytirilgan. Bu haqda "известия" nashri xabar qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning dastlabki olti oyida soxta nikoh orqali olingan 2 mingga yaqin hujjat bekor qilingan. Ular orasida vaqtincha yashash ruxsatnomalari va yashash guvohnomalari bor.
Shu davrda turli sabablar bilan jami 20,4 mingta yashash hujjati bekor qilingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 baravar ko‘p. Soxta nikoh bilan bog‘liq holatlar ham ushbu umumiy ko‘rsatkichga kiradi.
Rossiyada 2025-yil 25-yanvardan nikoh asosida yashash ruxsatnomasini olish tartibi o‘zgargan. Endilikda Rossiya fuqarosi bilan turmush qurishning o‘zi kvotadan tashqari vaqtincha yashash ruxsatnomasini olish uchun yetarli emas.
Buning uchun xorijlik Rossiyada doimiy yashovchi Rossiya fuqarosi bilan kamida uch yil nikohda bo‘lishi kerak. Agar er-xotinning shu nikohda tug‘ilgan yoki farzandlikka olingan umumiy farzandi bo‘lsa, uch yil kutish talab etilmaydi.
Rossiya ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu talablar soxta nikoh yoki otalikni rasmiylashtirish orqali yashash hujjatlarini olish holatlarining oldini olishga qaratilgan. Idoraning hududiy bo‘linmalari bunday holatlarni aniqlash uchun tekshiruvlar o‘tkazmoqda.
Vazirlikning tushuntirishicha, nikoh bekor qilinsa yoki sud uni haqiqiy emas deb topsa, shu nikoh asosida berilgan yashash hujjatlari ham bekor qilinishi mumkin.







