Toshkentda rossiyalik fuqaro o'zini 9-qavatdan tashladi

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida 14-oktyabr kuni 54 yoshli Rossiya fuqarosi Andrey Kojevnikov 9-qavatdan tashlab o‘z joniga qasd qildi. U hodisadan oldin Toshkent shahar IIBBning “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, bu niyatini bildirgan.
Bosh prokuratura matbuot kotibini Hayot Shamsuddinovning Portal24.uz’ga ma’lum qilishicha, Yunusobod tumani prokuraturasi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, hodisa soat 16:35 atrofida tumanning 8-mavzesida yuz bergan. Hududiy profilaktika inspektori manzilga yetib kelguniga qadar Kojevnikov o‘zi yashagan ko‘p qavatli uydan qulagan. U olgan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.
Kojevnikov 1972-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Tekshiruvda uning Toshkent shahar ruhiy va nevrologik kasalliklar klinik shifoxonasida “shizofreniya ijtimoiy xavfli toifasi” tashxisi bilan hisobda turgani ham aniqlangan.
Tekshiruv yakunida Yunusobod tumani prokuraturasi 2026-yil 26-oktabr kuni Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
- #yunusobod
- #o'z joniga qasd qilish








