11-sinf imtihon natijalari bilan oliygoh va texnikumlarga kirish tartibini joriy etilishi mumkin

Maktab o‘quvchilarini baholash va yakuniy davlat imtihonlarini o‘tkazishning yangi mexanizmi ishlab chiqilib, ayni paytda mazkur tashabbus yuzasidan keng jamoatchilik fikri o‘rganilmoqda.
Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, 11-sinfda topshiriladigan yagona davlat imtihoni bir vaqtning o‘zida ham maktabni bitirish, ham oliy ta’lim muassasalari va texnikumlarga qabul qilishda asosiy ko‘rsatkich sifatida hisobga olinadi. Shu bilan birga, o‘quvchilarning bilimi va qobiliyatini bosqichma-bosqich aniqlash tizimi ham nazarda tutilgan bo‘lib, unga muvofiq 4-sinfda o‘qish, matematika va tabiiy fanlardan baholanmaydigan diagnostik test, 7-sinfda esa o‘quvchilarning mantiqiy fikrlashi hamda kasbiy qiziqishlarini aniqlashga qaratilgan tavsiyaviy diagnostika o‘tkaziladi.
Shuningdek, 9-sinf o‘quvchilari uchun asosiy davlat imtihoni tashkil etilib, uning natijalari shahodatnomaga qayd etiladi hamda akademik litsey yoki texnikumlarga kirishda inobatga olinadi. Bunda bitiruvchilarning o‘qishni 10-sinfda davom ettirish huquqi to‘liq saqlanib qoladi.
Yangi baholash va imtihon tizimini dastlab 2027/2028-o‘quv yili yakunida Toshkent shahri va Navoiy viloyatida tajriba-sinov tariqasida o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu bosqichdagi natijalar o‘qishga qabul jarayonlariga ta’sir ko‘rsatmaydi. Sinov yakunlaridan so‘ng, 2028/2029-o‘quv yilidan boshlab yangi tartibni mamlakatning barcha hududlarida to‘liq joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
- #oliygoh
- #imtihon
- #tartib







