Toshkentda mahkum qamoqda turib narkodo‘kon boshqardi

Toshkentda jazoni ijro etish koloniyasida o‘tirib internet orqali giyohvandlik vositalari savdosini tashkil qilgan mahkum hamda uning jinoiy guruhi a’zolari bo‘lgan yana sakkiz nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
“Millar” dasturida ma’lum qilinishicha, avvalgi jinoyati uchun koloniyada jazo o‘tayotgan mahkumga muassasa boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan xodim uyali telefon olib kirib bergan va unga narkosavdo bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratgan.
Shundan so‘ng mahkum ozodlikda yurgan sheriklari vositasida buyurtmachilarga giyohvand moddalarni yetkazib berish tizimini yo‘lga qo‘ygan, biroq o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jinoiy guruhga aloqador jami to‘qqiz nafar fuqaro qo‘lga olingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida ko‘rib chiqilgan ish yakuniga ko‘ra, guruh yetakchisi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan aybdor deb topilib, unga avvalgi hukm bo‘yicha o‘talmagan jazo qismini qo‘shgan holda uzil-kesil 14 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, u o‘ta xavfli retsidivist deb topilib, jazoni maxsus tartibli koloniyada o‘tashi belgilandi, guruhning yana olti nafar erkak a’zosiga esa 10 yildan 14 yilgacha qamoq jazosi berildi.
Jinoiy guruh tarkibida bo‘lgan ikki nafar ayol ham tegishli tartibda jazoga tortildi. Xususan, ulardan biriga avvalgi hukmidan qolgan jazo muddati qo‘shilib, uzil-kesil 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish hamda jazoni o‘tash joyida giyohvandlikdan majburiy davolanish chorasi tayinlangan bo‘lsa, ikkinchi ayol 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
- #koloniya
- #qamoq
- #narkodo‘kon








