GTA VI: 13 yillik kutish, rekord daromad va milliard dollarlik shov-shuv

19-noyabr kuni videoo‘yinlar tarixidagi eng ko‘p kutilgan loyihalardan biri — Grand Theft Auto VI (GTA VI) taqdim etildi. 2013-yilda chiqqan GTA V’dan keyin muxlislar yangi qismni 13 yil kutishdi. O‘yin atrofidagi shov-shuv shu darajaga yetdiki, ayrim kompaniyalar xodimlariga reliz kuni dam olish berishga majbur bo‘lmoqda.
Rockstar Games ma’lumotlariga ko‘ra, 13-noyabr holatida o‘yinning raqamli oldindan buyurtmalari 12,13 million nusxaga yetgan va kompaniyaga 1 milliard dollardan ortiq daromad keltirgan. Standart versiya 80 dollar, Ultimate versiyasi esa 100 dollar etib belgilangan. Savdolarning 75 foizi PlayStation, 25 foizi Xbox konsollari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Kompyuter uchun versiya esa hozircha e’lon qilinmagan.
GTA VI atrofidagi qiziqish oddiy o‘yin taqdimotidan ancha keng ko‘lamga chiqdi. Buyuk Britaniyada xodimlar o‘yin chiqishi munosabati bilan kunlik ta’til rasmiylashtirgan. AQSHda o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, xodimlarning 18 foizi reliz kuni dam olishni rejalashtirgan. Hatto Jorjiya shtatidagi ayrim harbiy xizmatchilarga ham o‘yinni o‘ynash uchun to‘rt kunlik ta’til taklif qilingan.
Mutaxassislar GTA VI nafaqat videoo‘yinlar bozoriga, balki butun ommaviy madaniyatga ta’sir ko‘rsatishini kutmoqda. Ularning fikricha, loyihaning asosiy raqobati boshqa o‘yinlar bilan emas, balki foydalanuvchilarning va strimerlarning vaqtini egallash uchun bo‘ladi.
Shu bilan birga, yangi GTA chiqishi noyabr va dekabr oylarida sotuvga chiqarilgan ayrim yirik loyihalarning tijoriy muvaffaqiyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
O‘yin Rossiyada ham konsollarga bo‘lgan talabni oshirgan. 2026-yilning birinchi choragida PlayStation savdosi dona hisobida 51 foizga o‘sgan. Bunga GTA VI chiqishiga tayyorgarlik asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rsatilmoqda. Chunki o‘yinning dastlabki versiyasi PS5 va Xbox uchun chiqariladi, kompyuter foydalanuvchilari esa hozircha kutishga majbur.
- #GTA VI
- #videoo‘yin








