O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim joriy etildi

O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim joriy etildi
Joriy yilning 17-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘monga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan O‘mon Sultonligi Hukumati o‘rtasida o‘zaro vizadan ozod qilish to‘g‘risida bitim imzolandi.
Hujjat Muqaddima va 14 ta moddadan iborat bo‘lib, ikki davlat fuqarolariga amal qilish muddati kamida 6 oy bo‘lgan xorijga chiqish biometrik pasporti bo‘yicha bir-birining hududiga vizasiz kirish, tranzit o‘tish va undan chiqish huquqini beradi. Bu haqda Tashqi ishlar matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatda quyidagi masalalar tartibga solinadi:
– har bir tashrifda 30 kungacha, bir kalendar yili davomida jami 180 kundan oshmaydigan muddatga vizasiz bo‘lish;
– vizasiz rejim doimiy yashash, o‘qish yoki mehnat ruxsatnomasini talab qiladigan faoliyat uchun tatbiq etilmaydi; belgilangan muddatdan ortiq bo‘lish uchun qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga muvofiq viza olinadi;
– fors-major holatlarida bo‘lish muddatini bepul uzaytirish tartibi;
– pasport yo‘qotilgan yoki shikastlangan taqdirda vaqtinchalik yo‘l hujjati berish va vizasiz chiqish tartibi;
– har bir tomonning nomaqbul deb topilgan shaxslarning kirishini rad etish yoki bo‘lish muddatini qisqartirish huquqi.
Bitimning tuzilishi ikki davlat fuqarolarining o‘zaro safarlarini sezilarli darajada yengillashtiradi, turizm, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar aloqalarning rivojlanishiga xizmat qiladi.
Mazkur bitim tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan ichki tartib-taomillarni bajarganliklari to‘g‘risidagi so‘nggi xabarnomani olgan sanadan boshlab 30 kun o‘tgach kuchga kiradi.
- #O‘zbekiston
- #Ummon
- #O‘mon







