Abu Muslim taxallusi bilan tanilgan bloger Adham Atajanov vafot etdi

Bu haqda marhumning o‘g‘li Ibrohim Adham o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Adham Atajanov 1975-yil iyul oyida Toshkent shahrida tug‘ilgan. Uning otasi polyak, onasi esa koreys millatiga mansub bo‘lgan. Ayrim biografik ma’lumotlarda uning tug‘ilganidagi ismi Yan Vcheslav Pan bo‘lgani qayd etiladi.
Oilaviy va moddiy qiyinchiliklar sababli u bolaligida opasi bilan birga mehribonlik uyiga topshirilgan. Taxminan ikki-uch yoshida Qozog‘istonning Turkiston shahrida yashovchi o‘zbek oilasi – Atajanovlar tomonidan asrab olingan. Shu tariqa uning hayoti o‘zbek oilasi bag‘rida davom etgan.
U bolaligini Qozog‘istonning Turkiston shahrida o‘tkazgan, shu yerda maktabda tahsil olgan. Keyinchalik Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universitetining huquqshunoslik fakultetini tamomlagan. Shuningdek, Xalqaro intellektual mulk tashkiloti – WIPO Academy diplomiga ham ega bo‘lgan.

Adham Atajanovning hayotida diniy-ma’rifiy faoliyat alohida o‘rin tutgan. U 2003-yilda O‘zbekistonga qaytgan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bilan tanishgan va u kishining shogirdiga aylangan.
Shayx hazratining tashabbusi bilan 2003-yilda ishga tushirilgan Islom.uz portalining tashkil etilishi va rivojlanishida Adham Atajanov katta mehnat qilgan. U portal va uning tarkibidagi ko‘plab internet loyihalarining texnik hamda mazmuniy ishlarini boshqargan.
Uning ishtirokida diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi bir qator saytlar, jumladan, fatvo xizmatiga oid internet loyihalari yo‘lga qo‘yilgan. Bu platformalar orqali o‘quvchilar diniy savollariga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning javoblarini olish imkoniga ega bo‘lgan.
Shayx hazratining vafotidan keyin ham Atajanov diniy-ma’rifiy internet loyihalarini davom ettirgan. Keyinchalik Islamonline.uz portalini ham yuritgan.
Abu Muslim faqat diniy mavzulardagi bloger sifatida emas, balki o‘zbek internetining rivojiga hissa qo‘shgan mutaxassis sifatida ham tanilgan.
U o‘zbek tilidagi internet resurslarini ko‘paytirish, saytlar yaratish va ularning texnik imkoniyatlarini kengaytirish bilan shug‘ullangan. Turli veb-platformalarni o‘zbek tiliga moslashtirish va tarjima qilish ishlarida qatnashgan. Jumladan, vBulletin, phpBB, Joomla, Drupal kabi platformalar bilan ishlagan.
Bundan tashqari, din, tarix, adabiyot, siyosat va oila mavzulariga bag‘ishlangan internet loyihalarini tashkil etgan. Ayrim saytlarni o‘z mablag‘i hisobidan yuritgan.
Adham Atajanov Abu Muslim taxallusi ostida “Beshbarmoq”, “Hukmdor”, “Qizil terror”, “Yangi dunyo”, “Shaxsga sig‘inish”, “Bag‘dodning qulashi”, “Asrandi bola nolasi” kabi kitoblar yozgan.
U tarjimon sifatida ham faoliyat yuritgan. Jumladan, Makiavellining “Hukmdor” va Aflotunning “Parmenid” asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgani haqida ma’lumotlar mavjud.
Adham Atajanov hayotidagi eng murakkab masalalardan biri fuqarolik bilan bog‘liq bo‘lgan. 1994-yilda oilasi bilan Toshkentga ko‘chib kelganidan so‘ng u uzoq yillar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs maqomida yashagan.
O‘zbekistonda tug‘ilgan bo‘lishiga qaramay, hujjatlarni rasmiylashtirishdagi muammolar sababli 26 yil davomida O‘zbekiston fuqaroligini ololmagan.
Bu masala 2018-yilda Kun.uz nashrida yoritilgan. 2020-yil 15-noyabr kuni esa 45 yoshida unga O‘zbekiston fuqarolik pasporti topshirilgan. Shunday qilib, u 26 yillik kutishdan so‘ng O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘lgan.
U Bektemir tumanidagi “Beshbarmoq” restoranining egasi bo‘lgan. Restoran oilaviy biznes sifatida faoliyat yuritgan.
- #Abu Muslim
- #bloger
- #vafot







