O‘qituvchilarning 62,3 foizi kasbiy sertifikatlash imtihonidan yiqildi

2024–2026-yillar davomida o‘tkazilgan kasbiy sertifikatlash sinovlari natijalari tahlil qilinib, jami 47 936 nafar pedagogdan faqat 18 079 nafari sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgani, yana 7 560 nafar o‘qituvchi esa imtihonga umuman kelmagani ma’lum bo‘ldi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining ko‘rsatkichlari o‘rtasida sezilarli tafovut mavjud. Xususan, pedagog kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan oliygohlar bitiruvchilari 37,2 foizlik natija bilan an’anaviy universitetlarni (39,9 foiz) tamomlagan hamkasblaridan ortda qolmoqda. Umumiy reytingda oliygohlar orasidagi farq 2,6 baravarni tashkil etib, eng yuqori ko‘rsatkich Samarqand davlat chet tillar instituti bitiruvchilarida (58,2 foiz) qayd etilgan.
“Sertifikatlash faqat o‘qituvchini emas, uni tayyorlagan oliygohni ham baholaydi”, deyiladi 28 ta oliy ta’lim muassasasi natijalari o‘rin olgan tahliliy sharhda.
Fanlar kesimida olib qaralganda, informatika, fizika va biologiya yo‘nalishlarida vaziyat ancha murakkab bo‘lib, ushbu fanlardan imtihon topshirgan har 9 nafar pedagogdan atigi 2 nafari sertifikatni qo‘lga kirita olgan. Shuningdek, 1 676 nafar o‘qituvchiga sertifikat olish uchun bor-yo‘g‘i bitta to‘g‘ri javob yetmay qolgani qayd etilgan.
Ish staji bo‘yicha ko‘rsatkichlarda ham kutilmagan manzara aks etgan: 20 yil va undan ortiq mehnat tajribasiga ega pedagoglarning atigi 19,2 foizi sinovdan o‘tgan bo‘lsa, tizimga endi kirib kelgan yosh kadrlar orasida bu ko‘rsatkich 45,2 foizni tashkil etgan.
- #kasbiy sertifikatlash
- #imtihon
- #O‘qituvchilar







