Sayyid Abdulaziz Yusupov konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish va tuhmatda ayblanib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Sud tergovi yakunlariga ko‘ra, Yusupov O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish (Jinoyat kodeksining 159-moddasi 3-qismi “a” bandi) hamda og‘irlashtiruvchi holatlarda tuhmat qilish (Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi “a, g” bandlari) jinoyatlarini sodir etganlikda aybdor deb topilgan.
Harbiy sudning 20-noyabrdagi hukmi bilan Said Abdulaziz Yusupov jinoiy javobgarlikka tortildi, deb xabar bermoqda Kun.uz o‘z manbasiga tayanib. Sud hukmi bilan unga nisbatan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Qayd etish joizki, Sayyid Abdulaziz Yusupov bundan avval ham jinoiy javobgarlikka tortilgan edi. U 2019-yil 10-may kuni firibgarlikda gumonlanib hibsga olingan va o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik hamda pora berish moddalari bilan 6,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Keyinchalik yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplangani inobatga olinib, tayinlangan jazo 2,5 yil axloq tuzatish ishlariga almashtirilgan va u 2020-yil 8-iyul kuni ozodlikka chiqarilgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, 1982-yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan Sayyid Abdulaziz Yusupov 2019-yilgi hibsga qadar qisqa muddat davomida O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy ахборот vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori vazifasini bajaruvchi lavozimida faoliyat yuritgan.







