Emirates aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yishi mumkin

Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyatida Birlashgan Arab Amirliklarining Emirates Group kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilib, aviatashuvchining O‘zbekiston bozoriga kirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muzokaralar jarayonida xorijiy delegatsiyaga mamlakat xalqaro aeroportlarini modernizatsiya qilish ishlari, yo‘lovchilar oqimining barqaror o‘sishi hamda O‘zbekistonning turizm va tranzit salohiyati yuzasidan batafsil taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, havo kemalariga yerda xizmat ko‘rsatish sharoitlari, istiqbolli parvoz yo‘nalishlari va yangi qatnovlarni ochayotgan aviakompaniyalarga taqdim etiladigan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi. Hozircha muntazam reyslarni ochish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan bo‘lsa-da, Emirates yo‘lovchilar talabi, aeroportlar infratuzilmasi hamda yo‘nalishlarning tijoriy samaradorligini o‘rganib chiqqan holda parvozlarni yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin. Uzbekistan Airports esa buning uchun barcha zarur ma’lumotlarni taqdim etish va maslahatlashuvlarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Ayni vaqtda O‘zbekiston aviatsiya bozorida BAAning Flydubai, Air Arabia va Etihad Airways kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Dunyoning qariyb 80 mamlakatidagi 150 dan ortiq manzilga parvoz qiluvchi Emirates aviakompaniyasining bozorga kirishi ikki davlat o‘rtasidagi havo qatnovlarini kengaytirish bilan birga, yo‘lovchilar uchun Dubay orqali uzoq masofali xalqaro yo‘nalishlarga uchishda qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.







