Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasidagi “Yallama” o‘tkazish punktida 24 kilometrlik navbat paydo bo‘ldi

Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidagi “B. Konisbayev”- “Yallama” bojxona posti oldida yuk mashinalaridan iborat bir necha kilometrlik navbat paydo bo‘ldi. Haydovchilarning so‘zlariga ko‘ra, ikki sutkadan beri navbat oldingi siljimayapti.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda muammo ko‘lami kattaligi ko‘ringan. Haydovchilar chegaradan o‘tish uchun 2-3 kunlab kutayotganidan shikoyat qilmoqda.
Qozog‘iston rasmiy idoralari vaziyatga munosabat bildirdi. Turkiston viloyati Davlat daromadlari departamentining bojxona ma’muriyatchiligi boshqarmasi vakili Serik Malikov bojxonada yuk mashinalari asossiz ushlab turilgani haqidagi da’volarni rad etgan. U bojxonada ulkan navbatlar paydo bo‘lishini yuk tashish hajmining mavsumiy o‘sishi hamda tranzit qatnovining ko‘payishi bilan izohlagan.
Malikovning so‘zlariga ko‘ra, “B. Konisbayev” o‘tkazish punkti ta’mirlanib, qayta ochilgandan keyin uning samaradorligi sezilarli darajada oshgan. Hozirda ushbu bojxona posti orqali bir sutkada 500 ta mashina chegarani kesib o‘tishi mumkin.
Malikov qishda chegarada yuk mashinalari soni ko‘payishi mumkinligini eslatgan va haydovchilar ko‘pincha bojxona postining o‘tkazish qobiliyati cheklanganini hisobga olmay, sabrsizlik qilishini aytgan.
Qozog‘iston Davlat daromadlari qo‘mitasi “B. Konisbayev” o‘tkazish punktiga yuklamani kamaytirish maqsadida transport oqimini "Otamakon" o‘tkazish punktiga yo‘naltirish, o‘zaro bog‘langan "Otamakon–Guliston" chegara postlarining o‘tkazish qobiliyatini oshirish hamda muqobil yo‘nalishlardan foydalanish bo‘yicha choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilgan.
- #Qozog‘iston
- #Chegara
- #O‘zbekiston
- #Yallama







