O‘zbekistonda o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari ortidan 1 565 nafar xodim ishdan bo‘shatildi va 594 ta jinoyat ishi ochildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2026-yilning yanvar–oktabr oylarida mamlakatdagi davlat tashkilotlarida o‘tkazilgan 5 368 ta xizmat tekshiruvi yakunlari bo‘yicha hisobot berdi.
Tekshiruvlar natijasida qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan 1 565 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi, 4 604 nafar xodimga intizomiy jazo qo‘llanildi hamda 160 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. Shuningdek, aniqlangan holatlar yuzasidan 594 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Davlat xaridlari yo‘nalishida esa umumiy qiymati 57,5 milliard so‘mlik 24 ta xaridda manfaatlar to‘qnashuvi, 239,9 milliard so‘mlik 90 ta xaridda esa affillanganlik holatlari fosh etilgan.
O‘tgan o‘n oy mobaynida 18 970 ta ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvining oldi olinib, avvalroq qayd etilgan 1 689 ta shunday holat tartibga solindi, qonunchilik talablarini buzgan shaxslarga nisbatan 322 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bundan tashqari, beshta vazirlik va idorada amalga oshirilayotgan huquqiy eksperiment doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi xaridlar va tibbiy uskunalar narxlarini qayta ko‘rib chiqish hisobiga 247 milliard so‘m budjet mablag‘i tejab qolingan.
Qurilish sohasida elektron tenderlar joriy etilishi natijasida qariyb 1,5 trillion so‘m mablag‘ iqtisod qilingan bo‘lsa, “O‘zbekneftgaz” tizimida raqamli nazorat va videokuzatuv o‘rnatilishi 2025-yilni zarar bilan yakunlagan neft bazalarini 2026-yilning to‘qqiz oyida 44 milliard so‘m sof foydaga olib chiqish imkonini berdi. Avvalroq Toshkent shahar hokimligi tizimidagi tekshiruvlardan so‘ng 24 nafar xodim ishdan olingani, 7 nafar xodim 21 ta tijorat kompaniyasi ta’sischiligidan, 6 nafari esa biznesdagi rahbarlik lavozimlaridan ketgani hamda odob-axloq komissiyalari tomonidan 55 nafar xodim ogohlantirilgani ma’lum qilingan edi.
- #Korrupsiya
- #tekshiruv
- #jinoyat ishi







