Kech uxlash umrni qisqartiradimi? 37 yillik tadqiqot nimani ko‘rsatdi?

Finlyandiyada qariyb 23 ming kishini 37 yil davomida kuzatgan olimlar kech yotishning o‘zi umrni qisqartirishini tasdiqlovchi dalil topmadi. O‘zini kechqurun faolroq his qiladigan odamlarda o‘lim xavfi biroz yuqori bo‘lgan. Tadqiqotchilar bu farqni asosan chekish va spirtli ichimlik iste’moli bilan izohlagan.
Olimlar nimani o‘rgandi?
1981 yilda Finlyandiyada egizaklar o‘rtasida so‘rov o‘tkazilgan. Qatnashchilardan o‘zlarini kunning qaysi paytida — ertalabmi yoki kechqurun — faolroq his qilishlari so‘ralgan. Javoblar asosida ularning xronotipi, ya’ni kunning muayyan vaqtida faol bo‘lishga tabiiy moyilligi aniqlangan. Olimlar ishtirokchilar har kuni aynan soat nechada uxlaganini qayd etmagan.
Tadqiqotchilar so‘rov natijalarini 2018 yil oxirigacha davlat reyestrlarida qayd etilgan o‘lim holatlari bilan solishtirgan. Tahlilda uyqu davomiyligi, tana vazni indeksi, ta’lim darajasi, qancha tamaki chekilgani va qancha spirtli ichimlik iste’mol qilingani ham hisobga olingan. Natijalar 2023 yilda Chronobiology International ilmiy jurnalida chop etilgan.
Kuzatuv davrida 8 728 nafar ishtirokchi vafot etgan. O‘zini “kechki odam” deb ta’riflaganlarda har qanday sababdan vafot etish xavfi o‘zini “ertalabki odam” deb bilganlarga nisbatan 9 foiz yuqori bo‘lgan. Bu raqam ikki guruh o‘rtasidagi nisbiy xavf farqini ko‘rsatadi. Biroq, tadqiqotda ularning umri necha yilga farq qilishi hisoblanmagan.
Kechqurun faol bo‘lgan ishtirokchilar orasida tamaki va spirtli ichimlik iste’moli ko‘proq bo‘lgan. Olimlar chekmaydigan hamda spirtli ichimlikni umuman ichmaydigan yoki kam iste’mol qiladiganlarni alohida taqqoslaganda, kechqurun faol guruhda o‘lim xavfi oshganini aniqlamagan.
Shu bois “har kuni kech yotadigan odam yosh vafot etadi” degan da’vo tadqiqot natijasini bo‘rttirib ko‘rsatadi. Kuzatuv barcha yoshdagi o‘lim holatlarini qamrab olgan. Mualliflarning xulosasiga ko‘ra, qayd etilgan farqning katta qismi ishtirokchilarning chekish va ichish odatlari bilan bog‘liq bo‘lgan.
Demak, 37 yillik kuzatuv kech yotishning o‘zi umrni qisqartirishini tasdiqlamadi. Olimlar ishtirokchilarni kunning qaysi paytida o‘zini tetik his qilishiga qarab taqqoslagan. Kechqurun faolroq bo‘lganlarda o‘lim xavfi biroz yuqori chiqqan, ammo chekmaydigan va spirtli ichimlikni kam yoki umuman iste’mol qilmaydiganlar orasida bunday farq kuzatilmagan.
- #uyqu









