Bojxona qo‘mitasi Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidagi navbatlarga munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidagi “B. Konisbayev”- “Yallama” bojxona posti oldida yuk mashinalaridan iborat bir necha kilometrlik navbat paydo bo‘lgani, ikki sutkadan beri navbat oldingi siljimayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Qozog‘iston rasmiy idoralaridan so‘ng, O‘zbekiston bojxona qo‘mitasi ham holatga munosabat bildirdi.
“Aslida ushbu video bir necha kun avval Internetning qozoq sigmentida tarqalgan edi va buni bugun qozog‘istonlik hamkasblarimiz ham tasdiqlashdi.
Ayni daqiqalarda ikkala davlat chegara o‘tkazish puntklari odatiy rejimda ishlamoqda.
Turkiston viloyati Davlat daromadlari departamenti O‘zbenkiston bilan chegaradagi o‘tkazish punktlarida yuk mashinalari navbati yuzasidan har 24 soatda ma’lumotlarni jamoatchilikka e’lon qilib borilmoqda.
Unga ko‘ra, 20 noyabr kuni soat 9.00 holatida «B.Qonisboyev» avtomobil o‘tkazish punktida 100 ta yuk mashinasi navbatda turgani bildirilgan.
Mazkur post va unga tutash O‘zbekistonning “Yallama” chegara bojxona posti orqali sutkasiga 1,5 mingdan ziyod yuk avtotransport vositasi harakatlanayotganini inobatga olsak, bu normal holat hisoblanadi” deyiladi e’londa.
Qo‘mita ta’kidlashicha, videotasvirlarda aks etgan yuk avtotransport vositalarining asosiy qismini ikkala davlat hududidan tranzit tarzida harakatlanuvchi yuklar tashkil qiladi.
Tranzit yuklarning oshishi esa Qozog‘istonning Xitoy bilan chegaradagi «Xorgos» o‘tkazish punkti kecha-yu kunduz, ya’ni 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilgani bilan bog‘liq.
Buning natijasida Xitoydan tovarlarni olib kirish jarayonlari sezilarli ravishda jadallashgan, Xususan, O‘zbekiston orqali qo‘shni Turkmaniston, Tojikiston va boshqa davlatlarga tranzit tartibida tashilayotgan tovarlar hajmi oshgan.
Bundan tashqari, geosiyosiy va iqtisodiy vaziyat, shuningdek, boshqa an’anaviy savdo-logistika yo‘nalishlarida yuzaga kelgan cheklovlar natijasida xalqaro logistika zanjirlarida qayta yo‘naltirish jarayonlari kuzatilmoqda.
“Ayni paytda chegara o‘tkazish puntklari orqali navbatlar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston va Qozog‘iston bojxona xizmatlari o‘rtasida doimiy axborot almashinuvi va faol muloqot yo‘lga qo‘yilgan”, deyiladi qo‘mita bayonotida.







