Erlar gimnaziyasidan yuridik universitetgacha. Bir bino tarixi

Toshkentning markaziy qismida, Amir Temur xiyoboni oldida qad ko‘tarib turgan, hozirda Toshkent davlat yuridik universiteti joylashgan uch qavatli bino uzoq va o‘ziga xos tarixga ega. Qurilgan vaqtida ikki qavatli inshoot sifatida bunyod etilgan, turli hukumat va davlarni ko‘rgan ushbu bino tarixda haqida Portal24 kolumnisti Muhammadqodir Sobirov hikoya qiladi.
Toshkent erlar va ayollar gimnaziyasi
Toshkentning yangi shahar qismidagi Konstatinov maydoni yonida 1875-yil yangi o‘quv binosi qurilishi boshlanadi. Ikki qavatli ushbu inshoot Markaziy Osiyodagi ilk gimnaziya – Toshkent erlar (erkaklar) gimnaziyasi o‘quv binosi sifatida barpo qilinadi.

Bino tarhini mashhur harbiy-muhandis, arxitektor Stanislav Glinka-Yanchevskiy chizadi. Uning rahbarligi ostida 1882-yil 3 ta alohida g‘isht imoratlardan tashkil topgan gimnaziyasi binosi qurib bitkaziladi. Tez orada erkaklar gimnaziyasi yonidan xuddi shunday 3 ta bino qurilib, qizlar gimnaziyasi ham ochiladi.

Biroq oradan ko‘p o‘tmay, 1906-yil arxitektor Georgiy Svarichevskiy binoni qayta ta’mirlash loyihasini ishlab chiqadi. Unga ko‘ra, har ikki gimnaziyaning uch alohida binosi orasi qurilib, birlashtiriladi va yaxlit ansambl holatiga keltiriladi. Rekonstruksiya yakunlangach, ikki gimnaziya binosi dastlabki loyihaning asosiy elementlarini saqlab qolgan holda, yagona me’moriy ko‘rinishga ega bo‘ladi.
O‘rta Osiyo davlat universiteti
Podsho Rossiyasi qulab, Turkistonda bolsheviklar hokimiyati o‘rnatilgach, sobiq Toshkent erkaklar va ayollar gimnaziyasi binolari 1920-yil Turkiston davlat universiteti ixtiyoriga beriladi. 1923-yil Turkiston davlat universiteti nomi o‘zgartirilib, O‘rta Osiyo davlat universitetiga aylantiriladi.

Bino O‘rta Osiyo dorilfununi ixtiyoriga o‘tgandan so‘ng, 1930-yillarda yana bir rekonstruksiyasini boshdan kechiradi. Xususan, binolar o‘rtasida o‘tish yo‘laklari qurilgan hamda inshootga uchinchi qavat qo‘shilgan. Bu esa binoning dastlabki me’moriy qiyofasini sezilarli darajada o‘zgartirib yuborgan. Shunga qaramay, inshootning tarixiy fasadining asosiy unsurlari saqlanib qolgan.

Toshkent davlat universiteti
1960-yilda binoda joylashgan O‘rta Osiyo universiteti isloh qilinadi va uning negizida Toshkent davlat universiteti tashkil etiladi. Binoning turli qavatlarida biologiya va tuproqshunoslik, geologiya, huquqshunosliklik, sotsiologiya kabi fakultetlar joylashadi.

Toshkent davlat universiteti jadal kengayib boradi, natijada 1970-1980-yillar oralig‘ida Universitet shaharchasi quriladi va fakultetlar asta-sekin yangi shaharga ko‘cha boshlaydi. 1980-yilga kelib binoda faqat huquqshunoslik (yuridik) fakulteti qoladi va inshootning qolgan qismiga Avtomobil yo‘llar instituti joylashtiriladi.

Toshkent davlat yuridik instituti
Mustaqillik oldidan, 1991-yil avgust oyida Toshkent davlat universitetining yuridik fakulteti negizida Toshkent davlat yuridik instituti tashkil etilgan. Amir Temur maydoni yonidagi sobiq gimnaziyaning har ikkala binosi yangi institut ixtiyoriga berilgan.

2013-yil inshootda joylashgan Toshkent Toshkent davlat yuridik instituti maqomi o‘zgartirilib, Toshkent davlat yuridik universitetiga (TDYUU) aylandi.

2025-yil noyabrda Toshkent davlat yuridik universiteti Yangi Toshkentga ko‘chishi e’lon qilindi. Universitetning amaldagi, 1880-yillarda qurilgan binolariga O‘zbekiston huquqi tarixi muzeyi, O‘zbekiston nizolarni hal etish markazi, TDYUU Raqamli huquq markazi va Raqamli sud ekspertiza markazi joylashtiriladi.







