O‘zbekistonliklar ixcham to‘yni xohlamoqda – Mahallalar uyushmasi. Amalda qanday?

O‘zbekistonda to‘y va oilaviy marosimlarni ixchamlashtirish bo‘yicha minglab targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Aholi o‘rtasida tashkil etilgan so‘rovnomada ham ixcham to‘y tarafdorlari ko‘pchilikni tashkil qilgan. Biroq bu ishlar amalda qanday natija bermoqda? To‘y xarajatlari, qarzdorlik va mehmonlar soni kamayaptimi? Hozircha bu savollarga aniq statistik javob yo‘q.
Portal24.uz internet nashri to‘y-marosimlarni ixchamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, aholi munosabati va so‘nggi yillardagi o‘zgarishlar yuzasidan O‘zbekiston mahallalari uyushmasiga so‘rov yubordi. Tahririyat, xususan, to‘y uchun qarz olish holatlari kamaygani, dabdabali marosimlar soni qisqargani va bu borada hududlar kesimida qanday natijalarga erishilgani haqida ma’lumot so‘radi.
Taqdim etilgan javobga ko‘ra, 2026-yil 30-oktabr holatiga respublikadagi 8 992 ta mahallada to‘y va oilaviy marosimlarni ixchamlashtirishga qaratilgan jami 73 388 ta tadbir tashkil etilgan. Ularning 20 081 tasi qudalar ishtirokidagi uchrashuvlar, 20 381 tasi “Ixcham to‘y — barakali to‘y” mavzusidagi targ‘ibot tadbirlari, 16 826 tasi isrofgarchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar va 14 588 tasi “Maromiylik” loyihasi doirasidagi uchrashuvlardan iborat.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari orqali to‘ylarni ixcham va kamxarj o‘tkazishga qaratilgan 4 690 ta videorolik hamda boshqa axborot materiallari tarqatilgan.
Bu raqamlar mazkur yo‘nalishda katta tashkiliy va targ‘ibot ishlari olib borilayotganini ko‘rsatadi. Ammo tadbirlar sonining ko‘pligi ularning samaradorligini o‘z-o‘zidan anglatmaydi. Masalan, o‘tkazilgan uchrashuvlardan keyin nechta oila to‘y xarajatlarini qisqartirgani, mehmonlar soni kamaygani yoki qancha mablag‘ tejalganini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar javobda keltirilmagan.
100–200 kishilik to‘y eng maqbul variantmi?
Taqdim etilgan javobda aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari ham keltirilgan. 2026-yil 11-sentabr kuni “Mahalla info” Telegram kanalida “Ixcham to‘yda mehmonlar soni qaysi oraliqda bo‘lgani ma’qul?” mavzusida anonim so‘rovnoma tashkil etilgan.
Unda 47,4 mingdan ortiq foydalanuvchi ishtirok etib, jami 50 353 ta ovoz qayd etilgan.
Natijalar quyidagicha:
- 100–200 nafar mehmon — 15 547 ta ovoz;
- 200–300 nafar mehmon — 13 519 ta ovoz;
- 50–100 nafar mehmon — 11 780 ta ovoz;
- 300 nafardan ortiq mehmon — 9 507 ta ovoz.
Ya'ni eng ko‘p ovoz 100–200 kishilik to‘y variantiga berilgan, 300 nafardan ortiq mehmon taklif etish esa eng kam ovoz to‘plagan.
Biroq bu natijalarni O‘zbekiston aholisining umumiy fikri sifatida qabul qilishga shoshilmaslik kerak. So‘rovnoma Telegram kanali orqali o‘tkazilgan va unda ayrim ishtirokchilar bir nechta javob variantini belgilagan (47,4 mingdan ortiq foydalanuvchi 50 353 ta ovoz bergani ham shundan dalolat beradi). Shu sababli natijalar mamlakat miqyosidagi reprezentativ ijtimoiy so‘rov o‘rnini bosa olmaydi.
Bundan tashqari, 100–200 kishilik to‘y tarafdorlari eng ko‘p ovoz olgan bo‘lsa-da, bu raqamlar aholining amalda aynan shunday to‘y o‘tkazayotganini bildirmaydi.
Odamlarning qanday to‘y qilishni ma’qul ko‘rishi bilan o‘z oilasida qanday marosim tashkil etishi o‘rtasida farq bo‘lishi mumkin.
Targ‘ibot bor, ammo iqtisodiy natijalar-chi?
Portal24.uz so‘rovida ko‘tarilgan eng muhim masalalardan biri — to‘y va marosimlar uchun qarz olish holatlari bo‘yicha statistika edi. Shuningdek, oxirgi 2–3 yil ichida dabdabali to‘ylar va ortiqcha xarajatlar kamaygani yoki kamaymaganini ko‘rsatuvchi raqamlar so‘ralgan.
Biroq taqdim etilgan javobda bu savollarga aniq ma’lumot berilmagan. Xususan, to‘y uchun kredit yoki qarz olgan oilalar soni, bunday holatlarning yillar kesimidagi dinamikasi, marosimlar uchun o‘rtacha sarflanadigan mablag‘ va oilalarning tejagan pullari haqida statistika keltirilmagan. Hududlar kesimida ham taqqoslama ko‘rsatkichlar taqdim etilmagan.
Yana bir e’tiborli jihat shuki, rasmiy javobda 73 388 ta tadbir o‘tkazilgani aytilgan bo‘lsa-da, keltirilgan to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha tadbirlar sonini qo‘shganda 71 876 ta chiqadi. Qolgan 1 512 ta tadbirning qaysi yo‘nalishga tegishli ekani izohlanmagan. Bu texnik kamchilik bo‘lishi mumkin.
Tegishli tashkilotning ta’kidlashicha, to‘ylarni ixchamlashtirishdan maqsad aholini marosimlar o‘tkazishdan qaytarish emas, balki ularni oilalarning iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqib, ortiqcha qarzdorlik, isrofgarchilik va dabdababozliksiz tashkil etish madaniyatini shakllantirishdir.
Bu, albatta, muhim maqsad. Biroq uning amalga oshayotganini baholash uchun targ‘ibot tadbirlari va tarqatilgan videoroliklar sonidan ko‘ra aniqroq ko‘rsatkichlar kerak. Masalan, so‘nggi yillarda to‘ylarning o‘rtacha xarajati qanchaga kamaydi, mehmonlar soni qanday o‘zgardi, to‘y sababli qarz oladigan oilalar ulushi pasaydimi?
Hozircha mavjud ma’lumotlar odamlarning ixcham to‘yga moyilligi borligini va davlat tashkilotlari bu yo‘nalishda faol targ‘ibot olib borayotganini ko‘rsatadi. Ammo ixcham to‘ylar amalda ko‘paygani va buning oilalar iqtisodiy holatiga ijobiy ta’sir qilgani haqida xulosa chiqarish uchun ko‘proq statistik dalillar kerak, deb hisoblaymiz.
Biz o‘z navbatida so‘rovimizga javobi va ochiqlikka tayyorligi uchun O‘zbekiston mahallalari uyushmasiga minnatdorchilik bildiramiz.







