Wildberries Toshkent viloyatida 67 gektar yerda ulkan logistika markazini quradi

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda kompaniya o‘rtasida mazkur yirik loyihani amalga oshirish bo‘yicha rasmiy investitsiya shartnomasi imzolandi.
Yangi majmua uchun Toshkent shahrining Yangihayot tumani bilan chegaradosh bo‘lgan Bog‘zor mahallasi hududidan 67,3 gektar yer maydoni ajratildi. Ayni paytda obyektni loyihalashtirish bosqichi ketmoqda va qurilish ishlariga oktabr oyi oxirida start berilishi ko‘zda tutilgan.
Loyiha to‘liq ishga tushirilgach, hududda kamida 7 500 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, kompaniya ixtisoslashtirilgan dasturlar orqali kamida 2 000 nafar mahalliy
mutaxassisni o‘qitish va ularning malakasini oshirishni o‘z zimmalariga olgan.
Avvalroq Ukraina dronlarining Rossiyadagi logistika markazlariga uyushtirayotgan hujumlari sababli Wildberries uzoq muddat saqlanadigan tovarlarni O‘zbekistondagi omborlariga yo‘naltirishni boshlagani aytilgan edi.









