O‘zbekistonda endi xodimlar ish beruvchi bankiga bog‘lanmasdan, maoshini o‘zlari tanlagan istalgan bank kartasiga olishlari mumkin

Markaziy bank matbuot xizmati 18-noyabr kuni Mablag‘larni taqsimlash markazi ishga tushirilgani va uning yordamida fuqarolarga ish haqi hamda boshqa to‘lovlarni o‘zlariga qulay bo‘lgan bank kartasi yoki elektron hamyonda qabul qilish imkoniyati yaratilganini ma’lum qildi.
Shu paytga qadar xodimlar oylik maosh olish uchun korxona xizmat ko‘rsatadigan bankda majburiy ravishda alohida karta ochishlariga to‘g‘ri kelar, bu esa o‘z navbatida qo‘shimcha karta ochish va mablag‘larni boshqa kartalarga o‘tkazish kabi ovoragarchiliklarni keltirib chiqarardi. Yangi joriy etilgan tizim mazkur cheklovga barham berib, fuqarolarga qo‘shimcha karta rasmiylashtirmasdan o‘z nomlaridagi mavjud karta yoki elektron hamyon rekvizitlarini ish beruvchi buxgalteriyasiga taqdim etish orqali maosh olish huquqini beradi. Xodimning tanloviga ko‘ra, ish beruvchining banki to‘lov ma’lumotlarini Mablag‘larni taqsimlash markaziga yuboradi va tizim tekshiruvidan so‘ng mablag‘lar to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatilgan hisobraqamga yo‘naltiriladi.
Ma’lum qilinishicha, xodimlar keyinchalik o‘z bankini yoki to‘lov rekvizitlarini mustaqil ravishda o‘zgartirishlari ham mumkin, bunda asosiy shart sifatida karta yoki elektron hamyon aynan xodimning o‘z nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lishi talab etiladi. Hozircha mazkur platformaning dastlabki versiyasi faqat xususiy sektor tashkilotlari xodimlari uchun amal qiladi, kelgusidagi yangilanishlarda esa foydalanuvchilarning takliflari asosida tizim imkoniyatlarini yanada kengaytirish rejalashtirilgan.
Mazkur mexanizm prezidentning 2025-yil 27-noyabrdagi PQ–359-son qarori ijrosi doirasida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u aholining bank tanlash erkinligini ta’minlash, moliya muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirish hamda ommaviy to‘lov jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan.
- #Markaziy bank
- #bank kartasi
- #maosh








