Soxta hujjatlar sababli 50 dan ortiq o‘zbekistonlikka Xorvatiyaga viza berish rad etildi

Migratsiya agentligi Xorvatiyaga ishlash maqsadida hujjat topshirgan ellikdan ziyod O‘zbekiston fuqarosining viza arizalari qalbaki shartnomalar tufayli bekor qilinganini ma’lum qildi.
Rasmiy axborotga ko‘ra, hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayonida arizachilar taqdim etgan mehnat shartnomalari soxta ekani fosh bo‘lgan va ularning barchasiga viza berish rad etilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu fuqarolarning 17 nafari hujjatlarni rasmiylashtirishda xususiy bandlik agentliklari xizmatidan foydalangan.
Agentlik viza rad etilgani fuqarolarning Xorvatiya yoki Shengen hududidagi boshqa mamlakatlarga kirishiga avtomatik ravishda taqiq qo‘yilganini anglatmasligini, bunday cheklov faqat vakolatli idoralar tomonidan alohida tartibda belgilanishini tushuntirdi.
Shuningdek, idora xorijda ishga joylashtirishni va’da qilayotgan shubhali vositachilardan ogoh bo‘lishga chaqirdi. Hozirda firibgarlar asosan Telegram, Instagram va WhatsApp tarmoqlari orqali xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni topib, til bilish yoki kasbiy malaka talab etilmaydigan yuqori maoshli vakansiyalarni taklif qilmoqda hamda buning evaziga qalbaki shartnomalar tayyorlab pul undirmoqda. Konsalting firmalari faqat hujjat tayyorlashda ko‘maklashishi mumkinligi, xorijga ishga yuborish huquqi esa faqat maxsus litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklariga berilgani eslatib o‘tildi.
Migratsiya agentligi ishchi viza olish ham chet elda kafolatlangan ish o‘rnini anglatmasligini qayd etar ekan, fuqarolarga chet ellik ish beruvchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarining haqiqiyligini oldindan tekshirtirishni tavsiya qildi. Buning uchun Migratsiya agentligi va Migratsiya siyosatini rivojlantirish xalqaro markazi (ICMPD) hamkorligida ochilgan Migratsiya resurs markaziga murojaat qilish hamda +998 90 819-06-25 telefon raqami orqali bepul maslahat olish imkoniyati yaratilgan.
- #Xorvatiya
- #viza
- #hujjat








