O‘zbekistonda kiberfiribgarlar fuqarolarning 278,3 milliard so‘m mablag‘ini o‘marib ketdi

Markaziy bank hamda Ichki ishlar vazirligining “Cardblock” platformasida 2026-yilning 1-yanvaridan 1-oktabriga qadar ro‘yxatga olingan kiberjinoyatlar tahlili e’lon qilindi.
Hisobot davrida qayd etilgan firibgarliklarning eng katta ulushi fuqarolarning mobil qurilmalariga zararli dasturlarni o‘rnatish usuliga to‘g‘ri kelib, 18 830 ta shunday holatda 79,3 milliard so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan. Shuningdek, jinoyatchilarning telefon orqali bergan ko‘rsatmalariga ishonib qolish oqibatida 611 nafar fuqaro 27,7 milliard so‘m, Telegram akkauntlari buzib kirilishi bilan bog‘liq 2 808 ta holatda esa 21,9 milliard so‘m yo‘qotgan.
Tahlillarga ko‘ra, soxta treyding takliflari fuqarolarga 15,1 milliard so‘m, pulni ko‘paytirib berishni va’da qilgan moliyaviy piramidalar esa 14 milliard so‘m zarar keltirgan. Bundan tashqari, onlayn savdolarda oldindan to‘lov o‘tkazish bilan bog‘liq 3 571 ta holatda 10,5 milliard so‘m, fuqarolar nomiga yashirincha onlayn kredit rasmiylashtirish orqali 130 ta holatda 10,6 milliard so‘m hamda onlayn o‘yinlardagi to‘lovlar sabab 272 ta holatda 900 million so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgan.
Yana 11 475 ta murojaatda firibgarlik mexanizmi aniq ko‘rsatilmagan bo‘lib, ushbu holatlarda bank kartalari va elektron hamyonlardan jami 98,1 milliard so‘m yechib olingan.
Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida umumiy 278,3 milliard so‘mlik zararning 113,1 milliard so‘mlik qismini bloklab qolishga erishilgan, ayni paytda barcha holatlar yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tergov va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
- #Markaziy bank
- #kiberfiribgarlar
- #mablag‘








