Toshkentda ilk bor yo‘lga yorug‘lik bilan tushiriladigan “zebra” sinovdan o‘tkazildi

Qumariq ko‘chasida yangi turdagi piyodalar o‘tish joyi sinov tariqasida o‘rnatildi. Uning chiziqlari bo‘yoq bilan emas, yo‘l yuzasiga tushirilgan yorug‘lik yordamida hosil qilinadi. Mutaxasisislar yomon ob-havo sharoitida bo’yoq ko’rinmay qolsa, yorug’lik ko’rinib turishini ta’kidladi.
YHTEM xabariga ko‘ra, bu texnologiya hozircha sinov tariqasida qo‘llanilmoqda. Markaz bunday yechim yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligini oshirishga xizmat qilishini bildirdi. Shu maqsadda jahon tajribasi o‘rganilib, Toshkentda joriy etilmoqda.
Odatda piyodalar o‘tish joyi, ya’ni “zebra”, asfaltga maxsus bo‘yoq bilan chiziladi. Yangi tizimda esa chiziqlar yo‘l yuzasiga yorug‘lik yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushiriladi. Ya’ni bu yerda bo‘yoq ishlatilmaydi. YHTEM bunday o‘tish joyining bir necha afzalligini sanab o‘tdi.
Birinchidan, qorong‘ida, yomg‘ir yoki tumanda ham u yaxshi ko‘rinadi. Markazga ko‘ra, ho‘l asfaltda bo‘yoq deyarli ko‘rinmay qoladi, yorug‘lik esa aniq ajralib turadi.
Ikkinchidan, kuchli qor yog‘gandan keyin ham o‘tish joyi ko‘rinib turadi. Uchinchidan, chiziqlar yomg‘irda yuvilib ketmaydi. Avtomobil g‘ildiraklari ham ularni o‘chirib yubormaydi, shu bois o‘tish joyi doim aniq holatda bo‘ladi.
Markaz fikricha, haydovchi o‘tish joyini uzoqdan payqab, tezlikni o‘z vaqtida kamaytira oladi. Bu esa piyodani ertaroq ko‘rish va xavfsizlikni oshirish imkonini beradi.







