Alifbo boʻyicha oʻtish rejasi taqdim etildi: maktab darsliklari 2031-yildan, ishlab chiqarish esa 2028-yildan toʻliq yangi alifboga oʻtadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida 21-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbek alifbosiga kiritilgan oʻzgartirishlarni jamiyat hayotining barcha sohalariga joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Hujjat davlat idoralari, taʼlim muassasalari, ommaviy axborot vositalari, biznes va raqamli xizmatlarning yangilangan lotin alifbosiga bosqichma-bosqich oʻtishini nazarda tutadi. Qaror muhokamasi 6-dekabrga qadar davom etadi.
Eslatib oʻtamiz, 21-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev oʻzbek alifbosining quyidagi toʻrtta harfini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qonunni imzolagan edi:
O‘ o‘ — Ö ö ga;
G‘ g‘ — Ğ ğ ga;
Sh sh — Ş ş ga;
Ch ch — Ç ç ga.
Yangilangan alifbo 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan iborat. Qonun 2027-yil 22-apreldan kuchga kiradi.

Darsliklar yangi alifboga qachon oʻtkaziladi? Ikki xil yozuv maʼmuriy qiyinchiliklar tugʻdiradimi?
Vazirlar mahkamasi loyihasiga koʻra, qonun kuchga kirganidan soʻng ID kartalar, biometrik xorijga chiqish pasportlari, haydovchilik guvohnomalari, avtomobillarning texnik pasportlari va kadastr hujjatlari yangilangan alifbodan foydalangan holda rasmiylashtiriladi. Shu bilan birga, avval tayyorlangan blankalardan (hujjatning xomaki nusxalaridan) 2028-yil 1-yanvarga qadar foydalanishga ruxsat beriladi.
Alifbo oʻzgartirilgunga qadar olingan hujjatlar oʻz yuridik kuchini saqlab qoladi. Bu, jumladan, shaxsiy va mulkiy huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlarga ham taalluqli boʻladi.
Shuningdek, boshqa tillardagi matnlar, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslarning ismlari va nomlari, tovar belgilari, firma nomlari, bibliografik iqtiboslar, tarixiy hujjatlardan parchalar, arxiv materiallari, shuningdek, qonunchilik bilan alohida tartib belgilangan yozuvlar asl holida keltirilishi mumkin.
Davlat organlariga fuqarolarga xizmat koʻrsatishni, hujjatlarni qabul qilishni yoki shaxsni tasdiqlashni faqat ism, familiya yoki otasining ismi yozilishidagi farqlar tufayli rad etish taqiqlanishi nazarda tutilgan. Yaʼni, bu boradagi maʼmuriy tushunmovchiliklar oldi olinadi.
Davlat organlari va xoʻjalik birlashmalari xodimlarining xizmat guvohnomalari rejali almashtirish jarayonida yangi alifboga oʻtkaziladi.
Shu bilan birga, eski alifbodagi milliy valyuta va qimmatli qogʻozlarni qayta rasmiylashtirish talab etilmaydi.
Taʼlim tizimida ham yangilangan alifboga oʻtish bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Vazirlar Mahkamasi taklif qilgan dasturga koʻra, 1-11-sinflar uchun darsliklar va oʻquv-metodik qoʻllanmalar 2027-2031-yillarda yangilangan alifboga oʻtkaziladi.
Oʻzgarishlar ilk navbatda birinchi sinf oʻquvchilariga taalluqli boʻladi: yangilangan alifbodagi darsliklarni 2027/2028-oʻquv yilidan boshlab joriy etish rejalashtirilmoqda.
Qolgan darsliklarni ularni qayta nashr etishning belgilangan davriyligini hisobga olgan holda yangilash koʻzda tutilgan. Buning uchun dastlab amaldagi nashrlar inventarizatsiyadan oʻtkaziladi va ularni sinflar, fanlar hamda oʻquv yillari kesimida almashtirish jadvali tuziladi.
Bundan tashqari, 5-11-sinf oʻquvchilari uchun imlo savodxonligini baholashda vaqtinchalik yengilliklar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Ular 2028-yil 1-avgustga qadar amal qilishi va, jumladan, yakuniy davlat attestatsiyasi hamda kirish imtihonlarida qoʻllanishi lozim.
Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun maxsus alifbelar, plakatlar, oʻrgatuvchi oʻyinlar va multfilmlar ishlab chiqiladi. Xususan, 2027-yilda toʻrtta yangilangan harf bosh qahramon boʻladigan “Sehrli harflar sarguzashtlari” nomli toʻrt qismli multserial yaratish taklif etilmoqda.
OAV va ishlab chiqarishdagi oʻzgarishlar rejasi
Loyihada qonun kuchga kirganidan soʻng (2027-yil aprel) oʻzbek tilidagi OAV axborot materiallari va bosma mahsulotlar yangilangan alifbodan foydalangan holda chop etilishi nazarda tutilgan.
Buning uchun gazeta, jurnal, telekanal va internet nashrlar tahririyatlari texnik vositalarni tayyorlashi hamda xodimlarni yangi qoidalarga oʻqitishi lozim.
Qayd etish joiz, talablar loyihasida xususiy OAV uchun istisnolar mavjud emas.
Eslatib oʻtamiz, 10-sentabr kuni Senat yigʻilishida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Xolboʻtayev hukumat barcha OAVni yagona yangilangan alifboga oʻtkazish niyatida ekanini maʼlum qilgandi.
Ushbu bayonot senator Husan Ermatov bir vaqtning oʻzida yozuvning uch xil varianti – kirill, amaldagi va yangilangan lotin alifbolaridan foydalanish xavfi haqida ogohlantirganidan soʻng yangragandi.
Hozircha, xususiy nashrlar oʻzbek tilidagi materiallarni kirill yoki eski lotin alifbosidan foydalangan holda chop etishda davom eta oladimi-yoʻqmi, nomaʼlum. Alifboni oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qonunda xususiy OAVni yangilangan lotin alifbosiga oʻtishga toʻgʻridan-toʻgʻri majburlovchi alohida norma yoʻq. Qaror loyihasida ushbu talabga rioya etmaganlik uchun qanday javobgarlik borligiga ham aniqlik kiritilmagan.
Ishlab chiqarish sohasida ham alifbo islohoti bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Xususan, 2027-yil 22-apreldan 2028-yil 22-aprelgacha qadoqlar va yorliqlarda alifboning amaldagi va yangilangan variantlaridan parallel ravishda foydalanishga ruxsat beriladi. Ushbu vaqt mobaynida tadbirkorlar qadoq dizayni va bosma shakllarini bosqichma-bosqich oʻzgartirishlari mumkin boʻladi.
2028-yil 22-apreldan boshlab yangi buyurtma qilinadigan qadoqlar va yorliqlar uchun yangilangan alifbodan foydalanish majburiy boʻladi.
Shu bilan birga, avval tayyorlangan eski yozuvdagi qadoqlash materiallaridan 2029-yil 22-aprelga qadar foydalanishga ruxsat beriladi.
Oʻtish davri tugaguniga qadar qonuniy ravishda markirovka qilingan tovarlarni sotishga ularning yaroqlilik muddati tugaguniga qadar ruxsat berish koʻzda tutilmoqda.
Bundan tashqari, bank mobil ilovalari, bankomatlar, toʻlov terminallari, soliq va bojxona axborot tizimlari, shuningdek, elektron tijorat platformalari interfeyslari ham yangi alifboga oʻtkaziladi.
2027-yildan boshlab savdo va xizmat koʻrsatish obyektlaridagi axborot yozuvlarini ham bosqichma-bosqich yangilash rejalashtirilmoqda.
Oʻzgarishlar davlat muassasalari peshlavhalari, yoʻl koʻrsatkichlari, aeroport va vokzallarning axborot tablolari, shuningdek, jamoat transporti yoʻnalishlari va bekatlari belgilariga tegishli boʻladi.
Davlat gerbi va davlat mukofotlaridagi yozuvlarni oʻzgartirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Tegishli hujjatlar loyihalarini 2027-yilda ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, avval qabul qilingan qonun davlat organlarining mavjud ramzlari, binolardagi gerbning boʻrtma tasvirlari, peshlavhalar va geografik koʻrsatkichlardan ular eskirgunga qadar yoki hukumat dasturida belgilangan muddatlargacha foydalanishga ruxsat beradi.
Yangilangan alifboni raqamli platformalarga ham kiritish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligiga boshqa idoralar bilan birgalikda ö, ğ, ş va ç harflarini qulay yozish uchun oʻzbek klaviaturasining yagona standartini ishlab chiqish topshiriladi.
Standartni Android, iOS, macOS va Windows tizimlari uchun moslashtirish rejalashtirilmoqda. Xalqaro texnologiya kompaniyalariga takliflar 2027-yilda yuborilishi koʻzda tutilgan.
Shuningdek, davlat axborot tizimlarini, jumladan, OneID va my.gov.uz portallarini yangilangan alifboga moslashtirish ham belgilangan.
Elektron matnlarning imlosini tekshirish, tahrirlash va yangi alifboga avtomatik oʻgirish boʻyicha, jumladan, sunʼiy intellektdan foydalangan holda bepul dasturlar ishlab chiqiladi.
2026-2027-yillarda OpenAI, Google, Anthropic, xAI, DeepSeek va Meta kompaniyalariga ularga tegishli sunʼiy intellekt tizimlarini — ChatGPT, Gemini, Claude, Grok, DeepSeek va Meta AI’ni yangilangan oʻzbek alifbosi hamda imlo qoidalariga moslashtirish taklifi bilan rasmiy murojaatlar yuborish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, ICAO xalqaro standartini hisobga olgan holda pasport va ID kartalarning mashinada oʻqiladigan zonalarida ism va familiyalarni transliteratsiya qilish qoidalari qayta koʻrib chiqiladi.
Shu bilan birga, alifbo islohoti tufayli domen nomlari, elektron pochta manzillari, loginlar, hisob raqamlari va shartnoma raqamlarini, shuningdek, boshqa noyob texnik identifikatorlarni oʻzgartirish yoki qayta roʻyxatdan oʻtkazish talab etilmaydi.
Oʻzgarishlar uchun pul qanday toʻlanadi?
Loyihaga koʻra, davlat organlari va tashkilotlari bir oy muddatda, masʼul ijrochilar, belgilangan muddat va moliyalashtirish manbalarini koʻrsatgan holda yangilangan alifboga oʻtish boʻyicha oʻz yoʻl xaritasini ishlab chiqishi lozim.
2027-yilda xarajatlarni respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida qoplash reja qilingan. 2028-yildan boshlab esa moliyalashtirish davlat budjeti parametrlarida olib boriladi. Idoralarga budjetdan tashqari mablagʻlardan foydalanish ham taklif etilmoqda.
Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarini dastur ijrosi uchun shaxsan masʼul etib belgilash rejalashtirilgan.







