Samolyotda bort ekipaji talabiga bo‘ysunmagan yo‘lovchilar jarimaga tortilishi mumkin

Loyihaga ko‘ra, samolyot komandiri va ekipaj a’zolarining qonuniy ko‘rsatmalarini bajarmagan shaxslarga nisbatan yirik miqdorda ma’muriy jarimalar belgilash taklif etilmoqda.
Yangi hujjatga muvofiq, samolyot bortida intizomni buzgan va ekipaj talabiga bo‘ysunmagan yo‘lovchilarga birinchi safar uchun BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha, ya’ni 2,2 million so‘mdan 4,4 million so‘mgacha jarima qo‘llaniladi.
Agar ushbu qoidabuzarlik bir yil davomida takroran sodir etilsa, jarima miqdori BHMning 20 baravarigacha, ya’ni 8,8 million so‘mga yetishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, qonun loyihasida parvozlarni tashkil etish hamda havo kemalarini boshqarishdagi qoidabuzarliklar uchun ham jazolarni oshirish nazarda tutilmoqda. Tegishli ruxsatnomasiz parvozlarni amalga oshirish, yuk va yo‘lovchi sig‘imi hamda ruxsat etilgan uchish vazni mezonlarini buzganlik uchun mansabdor shaxslar va fuqarolarga 4,4 million so‘mdan 8,8 million so‘mgacha ma’muriy mas’uliyat belgilanishi kutilmoqda.
Shuningdek, nosoz yoki tegishli ro‘yxatdan o‘tkazilmagan havo kemalarini boshqarganlik uchun ham BHMning 20 baravarigacha jarima ko‘zda tutilgan. Hozirda ushbu normativ-huquqiy hujjat loyihasi muhokama portaliga joylashtirilgan bo‘lib, rasman kuchga kirishi uchun tegishli bosqichlardan o‘tishi lozim.








