Mubashshir Ahmadning kassatsiya sudi 3-dekabrga belgilandi

Sudya Otabek Muhammadiyev raisligida o‘tadigan majlis bo‘yicha kassatsiya shikoyati avvalroq, 2026-yil 27-oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudiga kiritilgan edi.
Advokat Abdulloh Sodiqning tushuntirishicha, Jinoyat-protsessual kodeksining 501-moddasiga ko‘ra, mahkumning ahvolini yomonlashtiruvchi yoki jazoni og‘irlashtiruvchi protest hukm kuchga kirganidan keyin bir yil ichida berilishi mumkin. Shu bois jazoni og‘irlashtirish ehtimolining oldini olish maqsadida himoya tomoni kassatsiya shikoyatini aynan ushbu bir yillik muddat o‘tganidan so‘ng taqdim etgan. Sud majlisi ochiq shaklda o‘tkazilishi belgilangan bo‘lsa-da, OAV vakillarining jarayonda qatnashish masalasi har bir majlisda sudlov hay’ati tomonidan alohida hal etiladi.
Himoyachi Mubashshir Ahmadning hozirgi salomatligi yuzasidan ham ma’lumot berib, uning umumiy ahvoli yomon emasligini, biroq buyrak va qandli diabet kasalliklari bilan bog‘liq muammolar, shuningdek, zax sharoitda kuchayayotgan oyoq shishishi hamda og‘riqlar bezovta qilayotganini bildirdi. Avvalroq ulamoning sog‘lig‘i yomonlashgani sababli “Sangorod” tibbiyot muassasasiga o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi.







