Olmaotadagi yong‘inda ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi

Mahalliy ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, yong‘in umumiy yo‘lak va bir nechta oilaga ijaraga berilgan sakkizta xonadan iborat xonadonda kelib chiqqan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyevning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, qurbonlar orasida 1994-yilda tug‘ilgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi — I.D.T. va E.Sh.K. ham bor.
Voqea joyidan besh nafar shaxs, jumladan, voyaga yetmagan bolaning jasadi topilgan, uyda istiqomat qilgan yana to‘qqiz kishi esa omon qolib, vaqtincha yashash markazlariga joylashtirilgan. O‘t o‘chiruvchilar olovni bir soat davomida o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan, yong‘in sabablari esa hozircha aniqlanmagan.
Holat yuzasidan Olmaota ichki ishlar organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. O‘zbekiston TIVning bildirishicha, vaziyat mamlakatning Olmaotadagi bosh konsulxonasi nazoratiga olingan bo‘lib, mahalliy idoralar bilan hamkorlikda marhumlarning jasadlarini vatanga qaytarish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.







