Bo‘ston tumani hokimi fuqarolarni oyog‘iga bahila kiydirib qabul qildi

Mazkur holat yuzasidan tuman hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda ma’muriy binoda joriy ta’mirlash ishlari olib borilmoqda va bu jarayon yaqin kunlarda yakuniga yetishi rejalashtirilgan. Bino ichida hamda majlislar zalida ozodalikni saqlash, tashqaridan chang va qurilish qoldiqlari olib kirilishining oldini olish maqsadida tashrif buyuruvchilarga vaqtinchalik chora sifatida bahila berilgan.
Ta’kidlanishicha, hozirda binodagi ta’mirlash ishlari yakuniy bosqichga kirgan bo‘lib, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil avgust oyida Andijon tumani hokimi Abdujabbor Egamberdiyev o‘zi shiyponda o‘tirib, aholni bir necha metr pastda turib qabul qilgani uchun ishdan olingan edi.







