O‘zbekistonda Kinematografiya agentligi tugatilib, uning o‘rnida “O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi hamda vazirlik tarkibida Kino san’ati departamenti tashkil etiladi

Hujjatga ko‘ra, Kinematografiya agentligi tugatilib, sohadagi davlat siyosatini yuritish vakolati Madaniyat vazirligiga o‘tkaziladi va vazirlik markaziy apparatida rahbari vazir o‘rinbosariga tenglashtirilgan Kino san’ati departamenti tuziladi.
Shuningdek, vazirlik muassisligida zamonaviy biznes modelga asoslangan “O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi hamda “Qoraqalpoqfilm” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etiladi. Yangi tizimda milliy kinokompaniya bevosita film suratga olish o‘rniga loyihalarni saralash, moliyalashtirish, distributsiya va xalqaro bozorlarga olib chiqish bilan shug‘ullanadi, film ishlab chiqarish esa subsidiya mexanizmi asosida ko‘proq xususiy sektor hamda mustaqil ijodkorlarga beriladi.
Islohotlar doirasida O‘zbekiston kino arboblari ijodiy uyushmasi va Kino sanoati vakillari uyushmasi negizida O‘zbekiston kino sohasi vakillari palatasi, professional tanqid va tahlilni rivojlantirish uchun Kinoshunoslar klubi, Toshkentda esa bolalar kinoijodkorligi maktabi tashkil etiladi. Bundan tashqari, mamlakatning tarixi va zamonaviy yutuqlarini jahonga tanituvchi muhim filmlarga “Umummilliy kinoloyiha” maqomi beriladi, hozirgi Chilonzor ko‘chasining tegishli qismi “O‘zbekfilm” deb nomlanib, Kino san’ati muzeyi, Kino san’ati saroyi va Milliy kinofond yagona brend ostida birlashtiriladi.
Raqamlashtirish va infratuzilma yo‘nalishida 2028-yil 1-yanvarga qadar Kinochiptalarning yagona axborot tizimi hamda “O‘zbekfilm” milliy onlayn kinoplatformasi ishga tushirilib, mamlakatdagi barcha kinoteatrlar ushbu tizimga majburiy integratsiya qilinadi va davlat mablag‘lari hisobidan yaratilgan filmlar platformaga bepul joylashtiriladi. Shu bilan birga, “O‘zbekfilm”ning 10 gektarlik hududida 400 milliard so‘mlik “O‘zbekfilm kino shaharchasi” industrial klasteri hamda 80 milliard so‘mga zamonaviy Dublyaj va ovozlashtirish markazi barpo etiladi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi o‘n yilda kino sanoatiga budjetdan jami 1,2 trillion so‘m, xususan, 2026-yilning o‘zida 218 milliard so‘m ajratilgan bo‘lib, yangi farmon tizimdagi samarasiz davlat xaridlari va distributsiya muammolariga barham berishga qaratilgan.







