Afg‘oniston Qo‘shtepa kanalining qazish ishlari 99 foizga yakunlanib, Amudaryodan suv chiqarishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini e’lon qildi

Korporatsiya vakili Nabiulloh Arg‘andivolning bildirishicha, ayni paytda 285 kilometrlik magistral trassa bo‘ylab 47 ta ko‘prik, to‘g‘on hamda suvni boshqarish inshootlarini barpo etish davom etmoqda, biroq suv ochilishining aniq sanasi hozircha e’lon qilinmagan.
Umumiy uzunligi 285 kilometr, ayrim qismlarida kengligi 152 metrgacha yetadigan mazkur yirik irrigatsiya tarmog‘i Balx viloyatining Kaldar hududidan boshlanib, Faryob viloyatidagi Andxoy tumanigacha cho‘ziladi va kelgusida 580 ming gektargacha yerni sug‘orishga mo‘ljallangan.
Loyiha uch bosqichda amalga oshirilayotgan bo‘lib, uning 108 kilometrlik birinchi qismi 2023-yil oktyabrida yakunlangan edi, hozirgi 99 foizlik ko‘rsatkich esa 177 kilometrlik ikkinchi bosqichdagi aynan tuproq qazish ishlariga taalluqli. Uchinchi bosqichda esa asosiy o‘zandan ekin maydonlariga suv yetkazib beruvchi ikkilamchi sug‘orish tarmoqlarini qurish ko‘zda tutilgan.
Suv resurslarining 80 foizdan ortig‘i transchegaraviy manbalardan shakllanadigan O‘zbekiston tomoni ushbu loyiha yuzasidan Afg‘oniston bilan doimiy muzokaralar olib bormoqda. Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev 19-noyabr kungi matbuot anjumanida Qo‘shtepa kanali hali bir chelak ham suv olmaganini va 2030-yilgacha Amudaryodan suv olmasligini ta’kidlagan edi. Shuningdek, vazir Afg‘oniston yiliga 6–10 milliard kub metr suv olishni rejalashtirayotgan bir paytda, 4 milliard kub metrdan ortiq suv olinishi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini bildirgan.







