Yevroosiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston gidroenergetika loyihalari uchun 400 million dollargacha mablag‘ ajratishi mumkin

Bank matbuot xizmati xabar beradiki, dastlabki bosqichda moliya instituti qiymati qariyb 400 million dollarga teng bo‘lgan loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.
Tomonlar ustuvor yo‘nalishlarning dastlabki ro‘yxatini shakllantirgan bo‘lib, unga mavjud gidroelektr stansiyalarini modernizatsiya qilish, yangi energetika quvvatlarini barpo etish hamda tegishli infratuzilmani yangilash loyihalari kiritilgan. Umumiy quvvati 500 MVtgacha yetishi kutilayotgan ushbu tashabbuslarni texnik va iqtisodiy jihatdan puxta ishlab chiqish maqsadida ikki tashkilot vakillaridan iborat qo‘shma ishchi guruh tuziladi.
“O‘zbekgidroenergo” boshqaruvi raisi Islom Abdurahmonov tomonlarning resurs va tajribalarini birlashtirish sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga xizmat qilishini ta’kidladi. Bank vakillari esa shakllantirilgan ro‘yxat hozircha dastlabki ko‘rinishda ekanini va moliyalashtirish bo‘yicha yakuniy qarorlar ichki tartib-taomillar yakunlangach qabul qilinishini ma’lum qildi. Eslatib o‘tamiz, YOTB avvalroq Qirg‘izistonda 100 MVt quvvatga ega “Kulanak” GESi qurilishi uchun 44 million dollar ajratgan edi.







