O‘zbekiston Sharq va G‘arb yuk oqimlarini bog‘laydigan yirik quruqlik portiga aylantiriladi

Muloqotda O‘rta yo‘lak imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish maqsadida Ozarbayjon, Turkmaniston hamda Gruziya bilan elektron yuk hujjatlarini o‘zaro tan olish kelishuvlarini yakunlash topshirildi. Shuningdek, O‘zbekistondan Kaspiy va Qora dengizlar, Sharqiy Xitoy dengizi hamda Boltiqbo‘yi davlatlari portlarigacha blok-poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi.
Kelgusi o‘n yillikda mamlakatning logistika quvvatlarini 80 million tonnaga olib chiqish rejalashtirilgan bo‘lib, bu borada ayrim hududlarning ixtisoslashuvi kuchaytiriladi. Xususan, Xonobod shahri, Olot, Termiz, Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari transport-logistika sohasiga yo‘naltirilib, ularda yuklarni qabul qilish, saqlash hamda tashish infratuzilmasi kengaytiriladi.
Zamonaviy logistika markazlarining yer va mol-mulk soliqlaridan ozod qilinganini ta’kidlagan davlat rahbari mutasaddilar va hokimlarga investorlar bilan hamkorlikda umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik 9 ta yirik logistika markazini barpo etishni topshirdi. Ushbu loyihalar xalqaro transport yo‘laklaridagi yuk tashish hajmini oshirish va tadbirkorlar uchun logistika xarajatlarini maqbullashtirishga xizmat qiladi.







