Tramp o‘zbekistonlik ustalarni “haqiqiy iste’dod sohiblari” deb atadi

AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan sovg‘a qilingan o‘zbek milliy ayvonlari uchun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.
Tramp Truth Social’dagi sahifasida o‘zbekistonlik ustalarning mahorati va mehnatini yuqori baholagan.
“O‘zbekistonlik mohir ustalar haqiqiy iste’dod sohiblaridir! Ular ushbu go‘zal ayvonlarni yuksak mahorat bilan bunyod etishdi. Bu ayvonlar chindan ham hayratomuz!” — deb yozgan AQSH prezidenti.
Uning qayd etishicha, ayvonlar 200 yillik tog‘ yong‘og‘i yog‘ochidan tayyorlangan. Hunarmandlar ularni bunyod etish uchun bir necha oy oilalaridan uzoqda bo‘lib, noqulay ob-havo sharoitida ham ishlagan.
Tramp o‘tgan hafta O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Furqat Sidiqov va AQSH ichki ishlar vaziri Dag Burgum ishtirokidagi taqdimot marosimi vaqtida "Marine One" vertolyotida ayvonlar ustidan uchib o‘tganini ham qayd etgan.
AQSH prezidentining bildirishicha, u ayvonlarni shaxsiy mulk sifatida saqlab qolish o‘rniga, jamoatchilik foydalanishiga taqdim etishga qaror qilgan. Ular Vashingtondagi Tidal Basin suv havzasi sohiliga, Jefferson memoriali va Vashington monumenti ko‘rinib turadigan hududga o‘rnatilgan.
Bu yerda diplomatik qabullar, madaniy va boshqa jamoat tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Tramp loyihani amalga oshirishdagi hamkorlik uchun O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va AQSH Milliy bog‘lar xizmatiga ham minnatdorlik bildirgan.







