Toshkent metrosiga xarid qilinadigan 14 ta yangi poyezd narxi 279 million dollargacha yetishi mumkin

Metro stansiyalari platformasi uzunligi sabab olti vagonli poyezdlardan voz kechilib, besh vagonli variant tanlandi, poyezdlarning dastlabki partiyasi 2027-yilda yetkazib berilishi rejalashtirilmoqda.
Xarid jarayoni doirasida dunyoning yettita yetakchi ishlab chiqaruvchisi takliflari o‘rganib chiqildi. Eng arzon variant Xitoyning CRRC kompaniyasi tomonidan 118,3 million dollar miqdorida taklif etilgan bo‘lsa, eng qimmat variant Yaponiyaning Kawasaki kompaniyasiga tegishli bo‘lib, 279,1 million dollarni tashkil etdi. Yakuniy yetkazib beruvchi hozircha aniqlanmagan bo‘lib, Rossiyadan boshqa ishlab chiqaruvchi tanlangan taqdirda alohida texnik xizmat ko‘rsatish bazasi qurilishi talab etiladi.
Yangi poyezdlarni xarid qilish zarurati metro yo‘lovchilar oqimining keskin ortishi bilan bog‘liq. 2022-yilda metropolitendan 136,7 million yo‘lovchi foydalangan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 287 million nafarga yetgan.
Loyihani kredit mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish hamda qarzlarni davlat budjetidan qaytarish ko‘zda tutilgan.








