Shavkat Mirziyoyev “Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot” tamoyiliga asoslangan yangi hamkorlik modelini taklif qildi

Sammitda iqtisodiyot, energetika, transport, ekologiya hamda sun’iy intellekt sohalarida mintaqaviy aloqalarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida mamlakatlar o‘rtasida shunchaki o‘zaro savdo qilish davri ortda qolgani, endilikda yakuniy mahsulotni birgalikda ishlab chiqarish lozimligini ta’kidladi. Shu maqsadda “Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot” formulasini joriy etish, 2027-yilda Xivada biznes-forum o‘tkazish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydigan maxsus platforma yaratish tashabbusi ilgari surildi.
Energetika va ekologiya yo‘nalishida past uglerodli energetika bo‘yicha qo‘shma konsepsiya ishlab chiqish hamda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligini e’lon qilish taklif etildi. Shuningdek, «Markaziy Osiyo toza havosi» konsorsiumi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, muhim minerallarning yagona raqamli xaritasini tuzish va Afg‘oniston bilan suv resurslari bo‘yicha doimiy muloqot o‘rnatish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Texnologik rivojlanish borasida sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar bazasi uchun umumiy hisoblash infratuzilmasini yaratish hamda kadrlar ehtiyojini aniqlovchi mintaqaviy atlasni ishlab chiqish tashabbus qilingan. Sammit yakunida barcha davlat rahbarlari tomonidan Qo‘shma bayonot va bir qator muhim hujjatlar imzolandi.








