“Ruhiy holatini barqarorlashtirish choralari ko‘rilmoqda” – IHMA Jizzaxda jinsiy zo‘ravonlikka uchragan 10 yoshli bola haqida

Ijtimoiy himoya milliy agentligi bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hodisa haqida jabrlanuvchining yaqin qarindoshi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilgan.
Holat bo‘yicha surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu jinoyatda gumon qilingan A.R. protsessual harakatlardan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan. Hozirda hodisaning barcha tafsilotlari hamda zo‘ravonlik harakatlarining davomiyligi tegishli idoralar tomonidan atroflicha o‘rganilmoqda.
Jabrlangan bolaga Jizzax shahar Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan alohida keys ochilib, ruhiy holatini barqarorlashtirish uchun psixologik yordam ko‘rsatilmoqda. Hozirda bola xavfsiz joyga joylashtirilgan bo‘lib, uning huquqlari va xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Ushbu ish bo‘yicha sud-tibbiyot va tegishli ekspertizalar tayinlangan. Ekspertiza natijalari va olingan xulosalar asosida qo‘shimcha huquqiy choralar belgilanishi ko‘zda tutilgan.









