O‘zbekistonda ozuqa yetishtirish hajmi 90 million tonnaga oshirilib, qo‘shimcha 400 ming tonna go‘sht ishlab chiqariladi

Bugungi kunda mamlakatda 12,5 million bosh qoramol, 23 million bosh qo‘y-echki va 125 million bosh parranda parvarishlanayotgan bo‘lib, ozuqa xarajatlari go‘sht yetishtirish tannarxining 30 foizini tashkil etmoqda.
Yiliga 48 million tonna ozuqa tayyorlanayotganiga qaramay, bu mavjud ehtiyojni to‘liq qoplamayapti, ajratilgan 480 ming gektar yerning kamida 20 foizidan samarasiz foydalanilayotgani sababli bir bosh qoramolga beriladigan yillik ozuqa 6,5 tonnalik me’yor o‘rniga 4 tonnadan oshmayapti.
Ushbu holatni o‘nglash maqsadida 2027-yilda ozuqa yetishtirish hajmini 64,5 million tonnaga, 2030-yilgacha esa 90 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun ekin maydonlari hisobi raqamlashtirilib, yerlardan foydalanish kosmik monitoring orqali nazorat qilinadi, 200 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritiladi hamda 1 million gektar yaylovga dronlar yordamida urug‘ sepiladi. Shuningdek, hududlarda 100 dan ortiq ozuqa markazlari va shoxobchalarini ochish, Qashqadaryoda esa qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli ekinlarni ekish yo‘lga qo‘yiladi.
Tadbirkorlar va qoramollarning 87 foizi boqilayotgan aholi xonadonlarini rag‘batlantirish uchun bir qator moliyaviy imtiyozlar joriy etiladi. Jumladan, 500 gektardan ortiq yerni o‘zlashtirgan tadbirkorlarga 100 ming kub metrgacha suv havzasi qurib beriladi, “Pivot” sug‘orish texnologiyasi uchun subsidiya gektariga 4 million so‘mgacha oshiriladi, qayta tiklanuvchi energiya uskunalari xarajatining 50 foizigacha qismi qoplanadi va 2027-yildan Qashqadaryoda aholi xonadonlari uchun ozuqa xaridi xarajatlarining 10 foizi subsidiyalanadi.
Ozuqabop ekinlar urug‘iga bo‘lgan ehtiyojning 95 foizi import hisobidan qoplanayotganini kamaytirish uchun Qashqadaryoda Misr olimlari bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot va urug‘chilik markazlari tashkil etiladi. Chorva naslini yaxshilash, sun’iy urug‘lantirish va embrionlarni ko‘chirib o‘tkazish texnologiyalarini kengaytirish natijasida qoramollarning so‘yishga topshirishdagi tirik vazni 250–350 kilogrammdan 450–550 kilogrammga yetkazilib, qo‘shimcha 400 ming tonna go‘sht yetishtirish imkoniyati yaratiladi.
Davlat rahbari mutasaddilarga loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini belgilab, ichki bozorda go‘sht va sut mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.







