Misrga borayotgan o‘zbekistonliklar uchun yangi talablar belgilanmoqda

O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi ma’lum qildiki, 2026-yil 1-noyabrdan Misrga kirish tartibi o‘zgaradi. Yangi talablarga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari safar oldidan kirish vizasini Misrning diplomatik vakolatxonalari orqali olishi shart.
Shuningdek, 40 yoshgacha bo‘lgan sayyohlar Misrga faqat yaqin oila a’zolari – ota-onasi, turmush o‘rtog‘i yoki farzandlari hamrohligida borishi mumkin. Bunda oila safar davomida kamida 5 ming dollar naqd pulga ega bo‘lishi talab etiladi.
40 yoshdan oshgan, mustaqil sayohat qiluvchilar esa kamida 3 ming dollar naqd mablag‘ga ega bo‘lishi lozim.
Misrga kirishda mehmonxona bron qilinganini tasdiqlovchi hujjat, mobil aloqa ma’lumotlari va yetarli moliyaviy mablag‘ mavjudligini tasdiqlovchi ma’lumotlar taqdim etilishi kerak. Turistik vizani mamlakat hududida boshqa turdagi vizaga almashtirish uchun murojaatlar qabul qilinmaydi.
Belgilangan hujjatlarni to‘liq taqdim etmagan yo‘lovchilar Misrga kiritilmasligi va ularni olib kelgan aviakompaniya orqali ortga qaytarilishi mumkin.
Elchixona fuqarolarni safarlarini rejalashtirishda yangi talablarni hisobga olishga chaqirdi.







