Latviya o‘zbekistonliklarga viza berishni to‘xtatmaydi — O‘zbekiston TIV

Latviyada ayrim O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida jinoyatlar qayd etilgani ortidan o‘zbekistonliklarga viza berishni vaqtincha to‘xtatish masalasi ko‘tarildi. Mazkur holat yuzasidan O‘zbeksiton Tashqi ishlar vazirligi Portal24.uz’ga bu borada diplomatik choralar ko‘rilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Rigadagi elchixonasi Latviya idoralari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi. TIVning Konsullik-huquqiy departamenti esa Latviyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan muloqot qildi. Uchrashuvlarda taklif etilayotgan choralarning ikki tomonlama munosabatlarga ta’siri yuzasidan O‘zbekiston pozitsiyasi yetkazildi. Vazirlikka ko‘ra, muzokaralardan so‘ng Latviya tomoni amaldagi holatni o‘zgartirishga ehtiyoj yo‘qligini bildirgan.
TIV xorijda bo‘lib turgan va u yerga borishni rejalashtirayotgan fuqarolarni mahalliy qonunlarga rioya qilishga, milliy urf-odatlarni hurmat qilishga va xatti-harakatlariga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirdi. Ayrim shaxslarning qonunbuzarligi xorijda qonuniy asosda o‘qiyotgan, ishlayotgan yoki yashayotgan boshqa fuqarolarga ham salbiy ta’sir qilishi mumkin.








