Respublika teatr san’ati festivali g‘oliblari aniqlandi

O‘zbekistonda 16–21-noyabr kuni Respublika teatr san’ati festivalining ilmiy-amaliy konferensiyasi va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Respublika teatr san’ati festivali doirasida “Teatr san’atining dolzarb masalalari: an’ana va zamonaviy tendensiyalar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda teatr san’atining bugungi holati, aktyorlik mahorati, zamonaviy rejissura va teatrlarni marketing asosida rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Festivalning tantanali yopilish marosimida g‘oliblar taqdirlandi. Unda jami 17 ta nominatsiya bo‘yicha eng munosib sahna asarlari, ijodkorlar va teatr sohasi vakillari taqdirlandi. G‘oliblarga O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining diplomlari va pul mukofotlari topshirildi.
Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi:
- “Eng yaxshi dramatik spektakl” — O‘zbekiston davlat drama teatrining “Ishlaganday bo‘laylik» spektakli — 81 600 000 so‘m.
- “Eng yaxshi qo‘g‘irchoq spektakli” — Samarqand viloyati qo‘g‘irchoq teatrining “Красные башмачки” spektakli — 54 400 000 so‘m.
- “Eng yaxshi rejissyor” — “Nasriddin Afandi” spektakli rejissyori Shuhrat Ibragimov — 13 600 000 so‘m.
- “Eng yaxshi dramaturg” — “Tongni kulib qarshi ol!” spektakli muallifi Qo‘chqor Norqobil — 10 880 000 so‘m.
- “Eng yaxshi rassom” — “Birinchi qaldirg‘och” spektakli ssenografiyasi uchun Mirjalol Xoliqov — 10 880 000 so‘m.
- “Eng yaxshi kompozitor” — “Tongni kulib qarshi ol!” spektakli musiqasi muallifi Oydin Abdullayeva — 10 880 000 so‘m.
- “Eng yaxshi erkak roli” — “Birinchi qaldirg‘och” spektaklida Mannon Uyg‘ur obrazini ijro etgan Jamoliddin Abdujabborov — 6 800 000 so‘m.
- “Eng yaxshi ayol roli” — “Momo yer” spektaklida To‘lg‘onoy obrazini gavdalantirgan Nigora Ahmedova — 6 800 000 so‘m.
- “Eng yaxshi qo‘g‘irchoqboz” — “Ali bobo va qirq qaroqchi” spektaklida Qosim obrazini yaratgan Rashid Cho‘qqiyev — 6 800 000 so‘m.
- “Eng yaxshi epizodik rol” — “Легко ли быть адвокатом” spektaklida Luli obrazini ijro etgan Shahzod Shahnazarov — 6 800 000 so‘m.
- “Eng yaxshi musiqiy bezak” — “Tebranmas yuraklar” spektaklining musiqiy bezagi uchun Sersenbek Jetkerbayev — 6 800 000 so‘m.
- “Eng yaxshi libos rassomi” — “Laylaklar nolasi” spektakli uchun Furqat Qo‘chqorov — 6 800 000 so‘m.
- “Eng yaxshi grim ishi” —“Manqurt” spektaklidagi grim ishi uchun Shahlo Allaberganov — 6 800 000 so‘m.
- “Eng yaxshi qo‘g‘irchoqsoz” — “Chemodan” spektakli qo‘g‘irchoq ustasi Temur Yo‘ldoshev — 6 800 000 so‘m.
- “Eng faol teatrshunos” — Muhabbat To‘laxo‘jayeva — 6 800 000 so‘m.
- “Eng faol targ‘ibotchi” — Abdusaid G‘aniyev — 6 800 000 so‘m.
- “Eng faol teatr rahbari” — O‘tkir Mahmatqulov — 6 800 000 so‘m.
“Mehnatimiz ro‘yobga chiqdi. Koʻpincha aytishadi teatr hozir, baʼzi birovlar gapirishadi teatr oʻlyapti, teatrga hech kim tushmayapti. Men bir gapni aytib qoʻya qolay: teatr boʻlgan, bor, boʻladi”, — deydi festivalda “Eng yaxshi dramatik spektakl” nominatsiyasi mukofotini qabul qilgan Elyor Nosirov.
Festivalda yuqori baholangan spektakllarni xalqaro teatr festivallari hamda gastrol safarlarida ishtirok etish uchun tavsiya etish ham ko‘zda tutilgan.







