Ar-Riyod aeroportiga uyushtirilgan raketa hujumidan so‘ng diplomatlar O‘zbekiston fuqarolariga shoshilinch murojaat bilan chiqdi

Aeroport terminali yaqinida turgan samolyotda yong‘in chiqishi va havo qatnovlaridagi ommaviy uzilishlar sababli fuqarolarga chegaradosh hududlardan yiroq bo‘lish va xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilish tavsiya etildi.
Hujumlar oqibatida “Saudia Airlines” aviakompaniyasi samolyotiga jiddiy zarar yetgan, poytaxt hamda Abha aeroportlarida 3 kishi halok bo‘lib, 36 kishi jarohatlangan. Vaziyat tufayli “Lufthansa” va “Air India” kabi yirik xalqaro aviakompaniyalar Ar-Riyodga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi, rejalashtirilgan reyslarning deyarli yarmi bekor qilindi.
Yamandagi husiylar ushbu zarbani rasman o‘z zimmasiga olib, kelgusida energetika obyektlarini ham nishonga olish bilan tahdid qilgan.
Saudiya Arabistoni ichida jamoat tartibi barqaror saqlanayotgan bo‘lsada, havo hududidagi xavfsizlik choralarining kuchaytirilishi aviaqatnovlar va tranzit marshrutlarida jiddiy kechikishlarni keltirib chiqarmoqda. Elchixona mamlakatda bo‘lib turgan hamda safar qilishni rejalashtirayotgan fuqarolardan rasmiy xabarlarga tayanishni, harbiy obyektlar hamda hodisa joylarini tasvirga olmaslikni hamda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni doim yonida olib yurishni so‘ramoqda.
Shuningdek, favqulodda holatlar va zaruriy yordam uchun Ar-Riyoddagi elchixona (+966 11 263 52 23) hamda Jiddadagi Bosh konsulxona (+966 12 607 72 50) tun-u kun aloqada ekani ma’lum qilindi.







