Ar-Riyod aeroportidagi qonli hujumda ikki o‘zbekistonlik jarohatlandi

Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibining xabar berishicha, 1977 va 1997-yillarda tug‘ilgan ushbu fuqarolarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilib, “Diriyah Hospital” shifoxonasiga yetkazilgan. U yerdagi zaruriy muolajalardan so‘ng har ikki fuqaroga javob berilgan.
Hodisa sodir bo‘lgan vaqtda aeroport hududida yana 20 nafarga yaqin o‘zbekistonlik bo‘lgan va ularga hech qanday zarar yetmagan. O‘zbekistonning Ar-Riyoddagi elchixonasi mahalliy tegishli idoralar bilan yaqin hamkorlikda vaziyatni to‘liq nazoratga olgan. Diplomatlar voqea joyida bo‘lgan fuqarolar bilan doimiy aloqa o‘rnatib, zarur konsullik-huquqiy yordamlarini ko‘rsatmoqda.
Qirol Xolid aeroportiga qilingan ushbu hujum oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘lgan va 300 dan ortiq odam turli darajada jarohat olgan edi. O‘zbekiston TIV mazkur xurujni qat’iy qoralab, tinch aholi hamda fuqarolik infratuzilma obyektlariga qaratilgan bunday zarbalarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirgan.









