Toshkent Ar-Riyod aeroportiga qilingan hujumni qat’iy qoralab, Saudiya Arabistoni bilan birdamligini bildirdi

Tashqi siyosat idorasi sodir bo‘lgan mudhish hodisadan chuqur qayg‘uda ekanini bildirib, ushbu xurujni qat’iy qoraladi.
Vazirlik fojia oqibatida halok bo‘lganlarning yaqinlariga ta’ziya izhor etib, jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi. Bayonotda Saudiya Arabistonining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligi qat’iy qo‘llab-quvvatlanishi alohida ta’kidlangan.
“Tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi obyektlariga hujumlar xalqaro huquq normalarining jiddiy buzilishi hisoblanadi va bunday harakatlar zudlik bilan to‘xtatilishi shart”, deyiladi TIV axborotida.
Rasmiy Toshkent barcha tomonlarni vazminlik ko‘rsatishga va nizolarni BMT Nizomi tamoyillari hamda xalqaro huquq normalari asosida, faqat muloqot va diplomatiya yo‘li bilan hal etishga chaqirdi. Shuningdek, O‘zbekiston mintaqada tinchlik hamda barqarorlikni mustahkamlashga sodiqligini yana bir bor bildirdi.







