Toshkentda hafta oxirigacha tungi va ertalabki soatlarda havo sifati keskin yomonlashishi kutilmoqda

Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasining ma’lum qilishicha, ushbu holatga kuchsiz shamol hamda harorat inversiyasi hodisasi sabab bo‘lmoqda.
Kuzatuvlarga ko‘ra, shaharda kunduzi havo sifati o‘rtacha me’yorda saqlanayotgan bo‘lsa-da, soat 20:00 dan keyin vaziyat o‘zgarmoqda. Tungi va ertalabki soatlarda PM2,5 va PM10 mayda zarrachalari miqdori ortib, havo sifati “sezgir guruhlar uchun zararli” hamda ayrim hududlarda “sog‘liq uchun zararli” darajagacha yomonlashgani qayd etilgan.
Ekologlarning tushuntirishicha, shamol tezligi 1 m/s atrofida bo‘lishi va yer yuzasi yaqinida harorat inversiyasi hosil bo‘lishi ifloslantiruvchi moddalarning yuqoriga tarqalishiga to‘sqinlik qilmoqda. Natijada zararli moddalar havo qatlamida to‘planib qolmoqda.
Ushbu noqulay meteorologik sharoit hafta oxiriga qadar davom etishi kutilmoqda. Hozirda poytaxtdagi atmosfera havosi sifati maxsus komissiya tomonidan doimiy nazoratga olingan.









