Son Heung Minning merosi: Nega koreyalik yulduz Husanovni o‘ziga bunchalik yaqin tutadi?

O‘zbekiston va Janubiy Koreya terma jamoalari o‘rtasidagi so‘nggi uchrashuvdan keyin Son Husanov bilan ko‘rishib, uni quchoqlab, suhbatlashgani muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu holat tasodifiy ko‘rinmasligi mumkin. Chunki Husanov va Son Angliyada ham o‘zaro iliq munosabat namoyish etgan futbolchilardan.
Son uzoq yillar davomida “Tottenham” safida, Husanov esa “Manchester City” tarkibida Angliya futbolining eng yuqori darajasida o‘ynab kelmoqda. Ularning Premyer-ligadagi uchrashuvlarida ham ikki futbolchining bir-biri bilan suhbatlashgani va hurmat ko‘rsatgani kuzatilgan.
Bu munosabatning yana bir muhim tomoni bor – Son Heung Min Husanovdan oldingi avlodning vakili. Janubiy koreyalik hujumchi Premyer-ligada o‘z o‘rnini topguniga qadar osiyolik futbolchilar uchun bu yo‘l oson bo‘lmagan. Son 2015-yilda “Tottenham”ga kelganidan keyin nafaqat klubning asosiy futbolchilaridan biriga, balki butun liga tarixidagi eng muvaffaqiyatli osiyolik futbolchilardan biriga aylandi.
Uning uzoq yillar davomida yuqori darajada barqaror o‘yin namoyish etishi, gollar urishi va jamoaning yetakchilaridan biriga aylanishi Osiyo futbolchisining Premyer-ligada faqat “ekzotik transfer” sifatida emas, balki haqiqiy yulduz sifatida qaralishiga katta ta’sir ko‘rsata oldi. Sonning o‘zi ham bu yo‘lning qanchalik murakkabligini biladi.
Angliyada osiyolik futbolchilarga nisbatan e'tibor, mediada yoritilishi va stereotiplar masalasi ilgari ham ko‘p bora muhokama qilingan. Sonning Janubiy Koreya terma jamoasi bilan bog‘liq faoliyati davrida ham u Osiyo futbolining Angliyadagi eng ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri sifatida qaraldi.
Bugun esa Husanov boshqa yo‘nalishda shu yo‘lni davom ettirayotgan futbolchilardan biri Himoyachi “Manchester City”ga kelishi bilan Osiyo futboli uchun yana bir muhim sahifa ochildi. U hujumchi emas, balki markaziy himoyachi. Uning vazifasi gol urish emas, aksincha, raqib hujumlarini to‘xtatishdan iborat. Ammo Abduqodirning Premyer-ligadagi har bir o‘yini faqat o‘zbek futbolchisi uchun emas, ma’lum ma’noda Osiyo futboli uchun ham kuzatilmoqda.
Shu jihatdan Sonning Husanovga munosabati oddiy katta futbolchining kichikroq hamkasbiga hurmati sifatida ham, o‘zidan keyingi avlod vakiliga berilayotgan ramziy qo‘llab-quvvatlash sifatida ham ko‘rilishi mumkin.
Son hozir Angliyada emas – u faoliyatini AQShning “Los Angeles FC” klubida davom ettirmoqda. Ammo uning Premyer-ligadagi merosi saqlanib qolgan. Endi esa Husanov shu ligadagi osiyolik futbolchilarning yangi avlodidan biri sifatida maydonga chiqyapti.
Albatta, Husanovni Sonning “merosxo‘ri” deb atashga hali erta. Ularning pozitsiyasi, o‘yin uslubi va futbolchilik faoliyati mutlaqo boshqa. Ammo ular orasidagi umumiy jihat bitta: ikkalasi ham Angliyada Osiyo futbolchisining o‘z o‘rnini topishi mumkinligini namoyish etmoqda.
Son o‘z faoliyati davomida osiyolik futbolchi Premyer-ligada yulduz bo‘lishi mumkinligini isbotlagan bo‘lsa, Husanov endi boshqa pozitsiyada shu eshikni yanada kengaytirishi ehtimoldan holi emas.









