Londonning mashhur “Fulhem” klubi Yangi Toshkentda o‘z futbol akademiyasini ochmoqchi

Mazkur loyiha va istiqbolli rejalar klub vakillarining O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi diplomatlari bilan o‘tkazgan uchrashuvida atroflicha muhokama qilindi.
Muzokaralarda “Fulhem” klubining futbolni rivojlantirish bo‘yicha rahbari Xyu Jennings va tijorat menejeri Brett Makgoldrik ishtirok etdi. Muloqot chog‘ida tomonlar Yangi Toshkentda futbol infratuzilmasini barpo etish hamda ushbu tashabbusni amaliyotga tatbiq qilishning aniq mexanizmlarini birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldi.
Ma’lumot o‘rnida, 1879-yilda Londonda tashkil etilgan “Fulhem” Angliyaning eng ko‘hna futbol klublaridan biri sanaladi. Jamoa o‘z tarixi davomida 1975-yilda Angliya kubogi hamda 2010-yilda Yevropa ligasi finaliga qadar yetib borgan.
Ushbu hamkorlik yo‘lga qo‘yilsa, angliyalik mutaxassislar tajribasi va zamonaviy o‘quv uslublari vositasida mahalliy yosh iqtidorlarni Yevropa futboli standartlari bo‘yicha tarbiyalash imkoniyati yaratiladi.








