Shavkat Mirziyoyev 74 ga kirgan Vladimir Putinni tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, telefon qildi

Prezident matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinni tavallud kuni bilan tabriklab, unga muvaffaqiyat va Rossiya xalqiga ravnaq tilagan.
Suhbat davomida ikki davlat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Xususan, o‘zaro savdo hajmining o‘sayotgani, sanoat hamda energetika sohalaridagi yetakchi korxonalar kooperatsiyasi kengayib borayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, tomonlar Farg‘onada o‘tkazilgan Hukumatlararo komissiya va Hududlar kengashining yig‘ilishlari natijalarini ko‘rib chiqishdi. Muloqotda madaniy-gumanitar sohadagi loyihalar, jumladan, O‘zbekistondagi Rossiya san’ati festivali hamda Moskvada bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston madaniyati kunlari ham e’tirof etildi.
Muloqot yakunida davlat rahbarlari xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha fikr almashib, bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar va tadbirlar rejasini kelishib oldilar.









