“Samarqand noni” O‘zbekistonda rasman tovar belgisi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi

Adliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qiladiki, ushbu chora milliy brendning iqtisodiy qiymatini oshirish va mahsulot sifatini kafolatlashga qaratilgan.
Ma’lumot uchun, ushbu mashhur mahsulot 2025-yilning fevral oyida geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan edi. Navbatdagi ushbu maqom uning brend sifatidagi huquqiy maqomini yanada mustahkamlaydi hamda noqonuniy foydalanish va soxtalashtirishlarning oldini oladi.
Iqtisodiy va huquqiy jihatdan bunday qadam milliy gastronomik merosni asrab-avaylash, mahsulotning o‘ziga xosligini xalqaro va mahalliy bozorda e’tirof etishda muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, tovar belgisining muhofazasi bozordagi sofdil raqobat muhitini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonunchilikka ko‘ra, tovar belgisi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma 10 yil muddatga beriladi. Ushbu muddat tugagach, tegishli tartibda guvohnoma amal qilish davrini yana uzaytirish imkoniyati mavjud.







