Saida Mirziyoyeva Istanbuldagi Yenidog‘u maktabi “o‘quvchisi bo‘ldi”

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Turkiyaning Istanbul shahrida Najmiddin Bilol Erdog‘an bilan birgalikda Ibn Xaldun universiteti va Yenidog‘u maktabiga bordi. Bu haqda u o‘zining telegram kanalida ma’lum qildi.
Uning yozishicha, ushbu muassasalarning o‘qitish uslublari, yondashuvlari alohida e’tiborini tortgan. Muassasalarda ta’lim sifatiga, yoshlarning iqtidorini ro‘yobga chiqarish va ularda mustaqil fikrlash ko‘nikmasini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan.


“Bunday ilg‘or amaliyot o‘zaro hamkorlik uchun keng yo‘l ochadi. Tashrif davomida ta’lim maskanlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, tajriba almashish hamda maktab o‘quvchilari, talabalar, pedagoglar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga kelishib oldik”, — deydi u.
Qolaversa u, ta’lim sohasi — O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi doʻstona munosabatlarning muhim qirralaridan biri ekanini aytgan. Mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik yoshlarning o‘qib-o‘rganishi, dunyoqarashi o‘sishi hamda bir-birini yanada yaqindan tanishiga xizmat qiladi.







