Qozog‘istonlik parfyumer ayol Japarov uchun maxsus atir yaratdi

Qozog‘istonlik parfyumer Guljan Tuzelbayeva Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov uchun maxsus mualliflik atirini yaratdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qilgan.
Parfyumerning so‘zlariga ko‘ra, atirning ifori Issiqko‘lning musaffo havosi, shuningdek, Qirg‘izistonda o‘sadigan o‘simlik va gullarning hidini o‘zida mujassam etgan.
“Men Fransiyada tahsil olgan ilk qozog‘istonlik parfyumerman. Ammo ko‘pchilik bilmaydi: onam Issiqko‘l viloyatining Ananyevo qishlog‘ida tug‘ilib, voyaga yetgan. Men ushbu atirni Sadir Japarovga shaxsan topshirishni juda istayman. Bu nomli, ya’ni aynan u uchun yaratilgan atir bo‘lib, unda Issiqko‘lning musaffoligi hamda Qirg‘izistonda o‘sadigan o‘simlik va gullarning ifori mujassam”, – degan Tuzelbayeva.
U, qolaversa, kuzatuvchilaridan ushbu postni kengroq tarqatishni so‘ragan. Uning ta’kidlashicha, ayni paytda Issiqko‘l bo‘yida dam olayotgani sababli, post ommalashsa, Prezident Sadir Japarovga atirni shaxsan topshirish imkoniyatiga ega bo‘lishiga umid qilmoqda.






